Yangiliklar

img
Sun, 05/08/2022 - 05:44

DILKASH SUHBATLAR


3-son


Qadrli talabalar! Xabaringiz bor, har yakshanba kuni universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar bilan suhbat tashkilllashtirilmoqda. Bugungi suhbatdoshimiz Til nazariyasi kafedrasi mudirasi,  filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova bo‘ladilar!


― Assalomu alaykum, salomatmisiz, Ustoz?!
Va alaykum assalom, rahmat! Xush kelibsiz!
― Avvalo, bugungi suhbatimizga vaqt ajratganingiz uchun kattakon rahmat! Ustoz, ruxsatingiz bilan “Dilkash suhbat” ruknimiz savollarini o‘qisam.
Albatta, marhamat!
― Suhbatimizni xushxabar bilan boshlamoqchiman! Ma’lumki, yaqinda universitetimiz ilmiy salohiyati bo‘yicha jahon top 1000+ universitetlari ro‘yxatiga kiritildi. Endigina 6 yoshni qarshi olayotgan universitetimiz mehnatkash jamoasining yutug‘i bilan barcha ustozlarimizni, Sizni chin dildan muborakbod etaman! Bu natijaga erishilishda rahbariyat, ustozlar va hattoki talabalarning ham o‘rni beqiyosdir. Ilmiy salohiyatimiz bundan-da yuqori marralarni zabt etishga yetadi, albatta! 
Albatta, bu quvonchli xabar biz uchun juda katta xushxabar bo‘ldi! Haqiqatan ham, 6 yilda bu natijaga erishish oson emas! Universitetimiz hali yosh. Lekin universitetimizning ildizlari mustahkam. Bu universitetda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar deyarli yarim asrlik kasbiy faoliyatlari davomida til ilmi, adabiyot ilmining tamal toshini qo‘ygan buyuk olimlar hisoblanadi. Men, eng avvalo, universitetimiz rektori Shuhrat Samariddinovichni, xalqaro bo‘lim mutassaddilarini, universitetimiz jamoasini, professor-o‘qituvchilarini, barcha-barchani erishilayotgan yutuqlar bilan qutlayman! Universitet jamoasining ahilligi ham muhim, o‘ylashimcha! Ishonamanki, biz birdamlikda ilm bilan ko‘p marralarni fath eta olamiz!
―  Ajoyib! Ustoz, “Dilkash suhbat”imizni an’anaga aylangan savol bilan davom ettiramiz. Talabalik yillaringizda dam olish kunini qanday o‘tkazar edingiz?
Talabalik yillarimizni hozirgi kun bilan qiyoslab bo‘lmaydi, albatta. Bu savolni eshitiboq, xayolimga birinchi kelgani kitob mutolaasi bo‘ldi. Bizning davrimizda kitob o‘qish urfda bo‘lgan. Talabalik davrimizda asosiy vazifamiz ham shu edi. Bir jihatdan, hozir eslab, yaxshiyam shu kitoblarni o‘qigan ekanman, yaxshiyam o‘sha davrda ustozlarimiz talabchan bo‘lgan ekan deyman. Negaki, talab qilinmaganda biz shu kitoblarni ehtimol o‘qimagan bo‘lardik. 
― Kitob yashash uchun zarur! Ustoz, ilmiy adabiyotlar biln birgalikda qanday kitoblarni mutolaa qilgansiz? 
Shaxsan o‘zim chet el adabiyotidan asarlarni ko‘p o‘qiganman. T.Drayzer, Jek London, V.Gyugo, Shekspir, Gogol asarlari bilan talabalik davrimda tanishganman. Bu yozuvchilar asarlaridagi qahramonlar, eng mo‘jaz voqealar hali hanuz esimda. 
― O‘zbek adabiyotidan-chi?
Xo‘sh, men talabalik davrimda o‘zbek milliy mumtoz asarlarini o‘qib tugallaganman deya olmayman. Nega deganda, biz odamzodda har doim “O‘zingniki naqd“ degan tushuncha bo‘larkan. Mana bugun, men ustoz bo‘lib shuni anglayapmanki, umuman olganda ta’limning negizida majburiylik bo‘lishi kerak. Majburiylik, undash bu ijobiy ma’noda. Agar biz o‘zimizni kitob o‘qishga undamasak, majburlamasak vaqt yo‘qligidan shikoyat qilib qolaveramiz. Bu o‘rinda, san’atshunoslik sohasidagi tengdoshimning fikrlari meni o‘ylantiradi. Bir suhbatimizda u shunday so‘zlarni ta’kidladi: “Ertalabki nonushta menga zarur bo‘lganidek, har kuni tongda 10-15 daqiqa kitob o‘qiyman”. Ko‘ryapsizmi? Men aynan, mana shu majburiyatni nazarda tutdim. Mana shu qat’iyatga havasim keldi.
― Ajoyib!
Yana bir narsani alohida ta’kidlashim lozimki, Gulnozaxon, bugungi kunda kitobxonlikni rivojlantirish talabi juda muhim va o‘rinli. Bu siz yoshlar uchun katta imkoniyat! Men barcha yoshlarni bu imkoniyatdan unumli foydalanishga chorlab qolaman.
― Albatta, Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur jarayon davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlar aynan shu tashabbus ijrosi desak yanglishmaymiz.
To‘g‘risi, men juda xursandman! Yaqinda yana yaxshi yangilik bo‘ldi. Universitetimiz 4-bosqich talabasi Sevinch Avazova “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining mutlaq g‘olibasi bo‘ldi! Shuningdek, ko‘plab talabalarimiz mazkur tanlovda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Bu kabi tanlovlar iqtidorli yoshlarning aniqlanishiga, ixtirolar, kashfiyotlarning amalga oshishiga  zamin yaratyapti. Biz hozir Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini shakllantiryapmiz, mutaxassislarini tarbiyalayapmiz. Biz ajdodlarimiz merosini o‘rganish davomida shunday xulosaga kelamiz: “Moddiylikni ma’naviyat boshqaradi”. Bu fikr Yusuf Xos Hojibdan to Fitratgacha izchillikda e’tirof etib kelingan. Hatto hozir ham! Bu borada ildizimiz mutafakkirlarimiz fikri, qanotlarimiz xorij innovatsiyalari bilan hamnafas bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston rivojlanishiga katta hissa qo‘sha olamiz.  
―  Bugungi kun talabalariga dam olish kunini qanday o‘tkazishlarini maslahat berasiz?
Bugungi kunimiz juda tez o‘tib ketyapti, nazarimda. Ko‘z ochib yumgunimizcha, haftalar, oylar va hatto yillar bir-birini quvib o‘tib ketyapti. Men talabalarimizga vaqtdan unumli foydalanishlarini, har lahzadan nimadir o‘rganishlarini, albatta, kitob mutolaa qilishlarini maslahat beraman. Zamonlar o‘zgaryapti, ammo insoniyatning kitobga bo‘lgan ehtiyoji hamon baland. Men hozir ham xorijiy yoki milliy asarlarimizni o‘qishni juda xohlayman, lekin ayni paytda ba’zan imkon topa olmay qolayapman. Eng muhimi, til o‘rganish ham zamon zaruriyati. Universitetimizda til o‘rgatish kurslari bor va hatto bepul! Bu imkoniyatdan foydalanayotgan ko‘pgina talabalarimiz xalqaro loyihalarda qatnashib, grantlar yutib olmoqda. Bu bizni quvontiradi va ruhlantiradi. Yana, talabalarimizga bo‘sh vaqtlarida jamoaviy sayohat qilishlarini tavsiya qilaman. Bu madaniy yig‘inlar ham juda muhim. O‘zi umuman olganda, inson kitob o‘qiganda, sayohat qilgandagi vaqti bo‘sh bo‘lmaydi. Balki ana shu jarayonlarda inson hayotida bir umr esda qolarli, takrorlanmas voqealar yuz berar. 
― Mazmunli suhbat uchun tashakkur, Ustoz! Ishlaringizga rivoj tilaymiz! Talabalarga ilm nuri, ziyosini tarqatishda aslo tolmang!
― Salomat bo‘ling! Sizlardan umidimiz katta! O‘qing, izlaning va yuksaling!


Til nazariyasi kafedrasi mudirasi, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova bilan Gulnoza Karimova suhbatlashdi.