Davlat tili – millatning ruhi va iftixori
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek tili bayrami” arafasida “Kelajak soati” darsi tashkil etildi. Tadbir “Davlat tili – millatning ruhi va iftixori” mavzusiga bag‘ishlandi.
Mazkur darsda universitet rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinov ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida o‘zbek tilining milliy o‘zlikni anglash, madaniy merosni asrab-avaylash va mustaqil davlat sifatida xalqimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini belgilashdagi beqiyos ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, o‘zbek tili 50 milliondan ortiq insonning ona tili bo‘lib, bugun u jahon miqyosida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Shuhrat Sirojiddinov davlat tili nafaqat rasmiy muloqot vositasi, balki millat birligi, ma’naviy yuksalish va ilm-fan rivojining mustahkam poydevori ekanini alohida qayd etdi.
“Til – bu xalqning ruhi, uning tarixiy xotirasi va madaniy merosini saqlovchi eng buyuk boylikdir. Davlat tiliga e’tibor – bu mustaqillikka, millatning kelajagiga e’tibordir”, – dedi akademik.

Dars davomida talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, davlat tilining hozirgi taraqqiyot bosqichi va kelgusidagi istiqbollari haqida bahs-munozara olib borildi. Shuningdek, mashhur o‘zbek adiblari ijodidan namunalar tinglanib, ona tilining tarixiy va ma’naviy qimmatiga doir videolavhalar namoyish etildi.

“Kelajak soati” darsi yakunida akademik Shuhrat Sirojiddinov yoshlarni davlat tiliga chuqur hurmat, mas’uliyat va fidoyilik ruhida yashashga da’vat etdi.

