Yangiliklar

img
Wed, 02/12/2025 - 19:34

Buyuk siymolarga ehtirom

Yurtimizda buyuk siymolar – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan turli tadbirlar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Yurtimizning turli tashkilot va muassasalarida tashkil etilgan tadbirlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etishdi.  Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Matluba Jabborova Ichki ishlar vazirligi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ikki ulug‘ shoirning hayoti, ijodi va ilmiy merosi haqida ma’ruza o‘tkazdi.
Shuningdek, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari Gavhar Komilova va Kamola Rixsiyevalar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr bildirdilar. Tadbir davomida ishtirokchilar buyuk shoirlarning ma’naviy-ma’rifiy merosi va yosh avlod tarbiyasidagi o‘rnini muhokama qilib, qizg‘in bahs-munozaralar olib bordilar. Davra suhbati mushoiraga ulanib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi xodimlari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari o‘qildi. Adabiy kechaning yakunida partiya vakillari ekologiya va madaniyat targ‘ibotida alohida rukn ochish hamda universitet bilan doimiy hamkorlik qilish taklifini ilgari surdilar.
Shu bilan birga, 2025-yil 8-fevral kuni O‘zbekiston tili va adabiyoti ta’limi kafedrasi dotsenti v.b., pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Iroda Ishonxanova O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti Markaziy apparati xodimlari ishtirokidagi Ma’naviyat va ma’rifat darsida “Navoiy merosi – millat xazinasi” mavzusida ma’ruza qildi. U Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosi haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etib, ushbu darsni boyitdi. Tashkilotchilar tomonidan Iroda Ishonxonova Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

  

Bundan tashqari, 12-fevral kuni Toshkent davlat agrar universitetida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan "Buyuk siymolarga ta’zim" mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda ToshDO‘TAU professori Nurboy Jabborov ishtirok etdi va buyuk shoirlarning adabiy merosi borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

  

U o‘z chiqishida Alisher Navoiy g‘azallarining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, Bobur asarlarining tarixiy-madaniy qiymati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, shoirlarning asarlari bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ularni o‘qish va targ‘ib qilish muhimligi xususida fikr bildirdi. Tadbir ishtirokchilari olimning qimmatli ma’lumotlariga katta qiziqish bilan quloq solib, adabiy-madaniy merosimizga oid dolzarb masalalar yuzasidan o‘z savollariga javob oldilar.
Mazkur tadbirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.