Yangiliklar

img
Mon, 10/20/2025 - 16:19

“Butunjahon tozalik kuni” nishonlandi

Butun dunyoda sentyabr oyining uchinchi shanbasi “Butunjahon tozalik kuni” sifatida keng nishonlab kelinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashabbus dastlab 2008-yilda Estoniyada boshlangan bo‘lib, 50 mingdan ortiq ko‘ngilli mamlakat hududini chiqindilardan tozalash uchun birlashgan. Bugungi kunda bu g‘oya global harakatga aylangan va millionlab insonlar ekologik muhitni asrash yo‘lida birlashmoqda.

Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.  2025-yil 20-oktabr kuni universitet talabalari tashabbusi bilan chiqindilarni yig‘ish va saralash tadbiri – “Plogging” o‘tkazildi. Tadbir davomida talabalar sport va ekologiyani uyg‘unlashtirgan holda universitet hovlisi, o‘quv binolari atrofi, talabalar yotoqxonasi hamda sport maydonlarini tozaladilar.

 

To‘plangan chiqindilar plastik, qog‘oz va maishiy chiqindilar kabi toifalarga ajratilib, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bilan hamkorlikda belgilangan joylarga topshirildi. Shu bilan birga, “Tabiat bizning uyimiz” va “Toza atrof – sog‘lom hayot garovi” shiorlari ostida targ‘ibot bannerlari o‘rnatildi. Universitet Yoshlar ittifoqi faollari tomonidan “Toza kampus – toza fikr” aksiyasi tashkil etilib, gullar ekish va daraxt ko‘chatlariga parvarish ko‘rsatish ishlari amalga oshirildi.

 

Tadbir jarayonlari universitet matbuot xizmati tomonidan yoritilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Natijada nafaqat kampus va unga tutash hududlar tozalanib, balki talabalar orasida chiqindilarni saralash va qayta ishlash madaniyati ham mustahkamlandi.
Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida ekologik mas’uliyatni oshirish, jamoaviylikni kuchaytirish hamda tabiatga mehr tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qildi.