Yangiliklar

img
Sat, 10/01/2022 - 01:45

Bolalar assotsiativ lug‘ati yaratildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek filologiyasi fakulteti 4-kurs talabasi Dilbar Mirnosirovaning “Bolalar assotsiativ lugʻati” kitobi nashr etildi. Lugʻat “Oʻzbek bolalarining leksik assotsiatsiyalari lugʻatini yaratish” mavzusidagi innovatsion start-up loyihasi doirasida tayyorlangan boʻlib, ushbu loyiha  2022-yilda universitetimiz ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi tomonidan tashkil etilgan talabalar oʻrtasidagi  “Start-up innovatsion loyihasi” tanlovida gʻolib boʻlib, moliyalashtirishga tavsiya etilgan. “Bolalar assotsiativ lugʻat”i oʻzbek tilshunosligidagi bolalar nutqi tadqiqiga assotsiativ yondashuv asosida yaratilgan ilk lugʻat hisoblanadi. Lugʻat stimul soʻz – javob reaksiyasi tipida yaratilgan boʻlib, undan 100 ta stimul soʻz boʻyicha maktabgacha yoshdagi (3 yoshdan 7 yoshgacha) bolalar lisoniy xotirasida tiklangan 18000 ga yaqin javob reaksiyasi (assotsiatsiyalar) oʻrin olgan. “Bolalar assotsiativ lugʻati” 200 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar nutqi ustida oʻtkazilgan ogʻzaki assotsiativ tajriba materiallari negizida yaratildi. Ushbu lugʻat bolalar nutqini psixolingvistik, sotsiolingvistik, lingvopragmatik, genderologik, lingvokulturologik, assotsiativ tilshunoslik nuqtayi nazaridan oʻrganishda tayanch manba vazifasini oʻtashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda Dilbar Mirnosirova ilmiy rahbari filologiya fanlari doktori, professor v.b. Munavvara Qurbonova bilan hamkorlikda mazkur lugʻatning mobil ilovasi ustida ish olib bormoqda.