Yangiliklar

img
Wed, 11/15/2023 - 19:03

Boʻlajak sotsiologlar uchun maxsus uchrashuv

Universitetimizda 2023- yilning 15- noyabrida  Sotsiologlar kuni munosabati bilan   “Nazar Business and Technology”, LLC - NBT tadqiqot agentligi hamda  “M-Vektor”xalqaro tadqiqotlar va  konsalting kompaniyalari  vakillari  bilan   uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Nazar Business and Technology, LLC - NBT” tadqiqot agentligining direktori,  kimyo fanlari nomzodi, dotsent Madina  Xolmirzayeva, mazkur kompaniya Biznesni rivojlantirish bo‘limi  boshlig‘i Xolida Tabibullayeva,  “M-Vektor” xalqaro tadqiqotlar va  konsalting kompaniyasi direktori  Aziz Hasanov, kompaniya bo‘lim boshlig‘i  Gulzoda Teshaboyeva, kompaniya  bosh mutaxassisi  Hasan Qurbonov, O‘zbek tili ta’limi fakulteti professor-o‘qituvchilari va sotsiologiya ta’lim yo‘nalishi 1-2-kurs  talabalari qatnashishdi.  
Dastlabki  so‘z  “Nazar Business and Technology, LLC - NBT” tadqiqot agentligining direktori Madina  Xolmirzayevaga berildi. U o‘z taqdimotida kompaniya haqida batafsil ma’lumot berish barobarida qaysi yo‘nalishlarda  bo‘lajak sotsiolog – talabalar bilan  hamkorlik qilish, ya’ni kompaniyadagi  aynan qaysi vazifalarni talabalar bajara olishlari mumkinligi, ularning mehnatiga qancha haq to‘lanishi mumkinligi haqida to‘liq axborot berdi. Ayniqsa, hozirgi kunda o‘zbek tilini yaxshi biladigan,  unga turli tillardan tarjimalarni amalga oshira oladigan tarjimon - sotsiologlarga ehtiyoj  juda katta ekanligini ta’kidladi. Va talabalarni  o‘z sohasining yetuk mutaxssisi bo‘lish bilan birga bir nechta tilni  yaxshi o‘rganish zarurligini ta’kidlab, ularni kompaniyaga ishga (tanlov asosida) taklif qildi.

 

Soʻngra  “M-Vektor” xalqaro tadqiqotlar va  konsalting kompaniyasi bosh mutaxassisi Hasan Qurbonov kompaniya haqida to‘liq ma’lumotlarni berdi va shu  kungacha u tomonidan o‘tkazilgan yirik loyihalar bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi. Hasan Qurbonov ham o‘z nutqida  bo‘lajak sotsiologlar qanday sifatlarga ega bo‘lishi, nimalarga alohida e’tibor qaratishi zarurligini ochib berdi.
Mehmonlar har ikki kompaniyada ham  amaliyot o‘tashi mumkinligi haqida gapirib, buning uchun har qanday yordam va maslahatlarga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

 

Kompaniya direktorlari professor-o‘qituvchilar va talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga to‘liq javob  berishdi.
Uchrashuv yakunida fakultet dekani prof. S.Muhamedova mehmonlarga bugungi qiziqarli va foydali uchrashuv minnatdorchilik bildirdi hamda ularga universitet rahbariyati tomonidan taqdim qilingan sovg‘alarni topshirdi.  
Universitet va kompaniyalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalarini tuzishga va bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.