
Boʻlajak filologlar uchun maxsus bellashuv-seminar dars
2024-yil 18-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tilshunosligi kafedrasi tashabbusi bilan o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy tadbir – bellashuv-seminar darsi tashkil etildi. Ushbu dars O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, professor Z. Xolmanova va kafedra o‘qituvchisi, PhD darajasiga ega M. Shamsiyeva rahbarligida "Hozirgi o‘zbek adabiy tili" faniga bag‘ishlab o‘tkazildi. Seminarda O‘zbek filologiyasi fakultetining 201, 203 va 206-guruh talabalari hamda Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetining ingliz tili yo‘nalishidagi 201-guruhi talabalari ishtirok etdilar. Bellashuv formatida tashkil etilgan ushbu dars talabalar o‘rtasida ilmiy va ijodiy raqobat ruhini uyg‘otib, ular bilimini namoyish qilish uchun keng imkoniyat yaratdi.
Dars jarayonida talabalarning ishtirokini universitetning tajribali professor-o‘qituvchilari baholab bordi. Tadbir innovatsion binar-seminar formati asosida o‘tkazilib, unda mavzuga oid ilmiy taqdimotlar, tilshunoslikdagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari va videolavhalar, shuningdek, talabalar tomonidan yozilgan maqolalarning taqdimoti namoyish etildi. Mazkur dars formati talabalarga nafaqat ilmiy bilimlarini chuqurlashtirish, balki o‘z-o‘zini baholash, fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, omma oldida nutq so‘zlash va taqdimot madaniyatini oshirishga yordam berdi. Shuningdek, u ijodiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va ilmiy izlanishlarga qiziqishni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Seminar natijalari talabalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni kuchaytirib, g‘oliblarni aniqladi. 201-guruh faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 206-guruh ikkinchi o‘ringa, 203-guruh esa uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi. G‘olib jamoalar universitet tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bellashuv-seminar darsi talabalarda ham, professor-o‘qituvchilar orasida ham katta taassurot qoldirdi va ijobiy fikrlar bildirishga sabab bo‘ldi.
Mazkur tadbir o‘zining mazmuni va uslubiy yondashuvi bilan nafaqat talabalarning fan bo‘yicha bilimlarini boyitdi, balki ularni tadqiqotchilik faoliyatiga jalb etib, ijodkorlik salohiyatlarini yuksaltirishda muhim rol o‘ynadi. Bunday innovatsion mashg‘ulotlar bo‘lajak filologlarning ilmiy va amaliy tayyorgarligini oshirishda samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.