Bokuda oʻtkazilgan anjumanda universitetimiz vakillarining ishtiroki
2025-yil 5-noyabr kuni Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi tomonidan e’lon qilingan “2025 — Konstitutsiya va Suverenitet yili” doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Tadbirda 19 mamlakatdan olimlar qatorida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari — v.b. dotsent Farog‘at Fayziyeva, Mashkura Rahimova hamda 3-kurs sotsiologiya yo‘nalishi talabasi Zarina Mamajonovalar ham ishtirok etdilar.
Konferensiya Ozarbayjon Respublikasi Ijtimoiy tadqiqotlar markazi (SRC) hamda Istanbul universiteti Huquq fakulteti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, “XXI asrda davlat suvereniteti va milliy konstitutsiyalar: global chaqiriqlar, tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Ozarbayjonda 2025-yilni “Konstitutsiya va Suverenitet yili” deb e’lon qilinishi davlat mustaqilligi, milliy o‘zlik va huquqiy davlatlilik tamoyillariga chuqur hurmatning ifodasidir. Bu tashabbus konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolik mas’uliyati hamda milliy qadriyatlarga sadoqatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Universitet vakillarining ilmiy ma’ruzalari ishtirokchilar tomonidan e’tirof etilib, ular tashkilotchilar tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Anjuman davomida Ozarbayjon va O‘zbekiston konstitutsiyalarining sotsiologik jihatdan qiyosiy tahlil masalalari ham muhokama qilindi. Har ikki davlat asosiy qonunida oila, madaniyat va tilning fundamental qadriyat sifatida alohida e’tirof etilgani qayd etildi.


