Yangiliklar

img
Sat, 06/17/2023 - 15:47

“Boburnoma” endi italyan tilida

“Dunyoda har bir millatning borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinayi hayoti til va adabiyotidur” deganda naqadar haq edi Abdulla Avloniy hazratlari. Tariximizni sahifalaydigan bo‘lsak, Zahiriddin Muhammad Bobur va uning “Boburnoma” asari alohida va shu bilan birgalikda muhim mavzudir. 
Bobur Mirzoning boy adabiy-ilmiy merosining nechog‘li buyuk ekanligini ko‘p asrlardan beri Sharq va G‘arb olimlari tomonidan bildirilib kelinayotgan fikrlardan ham bilish mumkin. Ular Boburning insoniy fazilatlarini, shuningdek, uning yirik lashkarboshi, hayot qiyinchiliklaridan qo‘rqmaydigan sarkarda, ilm-fan va sanʼatni sevadigan, ijod ahlini qadrlovchi olijanob shaxs ekanini chuqur hurmat bilan tilga olishadi. Jumladan, ingliz tarixchisi Eduard Holden: “Bobur fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan” deya Bobur shaxsiyatiga yuksak baho beradi.
“Boburnoma”ning XVI–XX asrlarda ko‘chirilgan 17 ta qo‘lyozmasi maʼlum bo‘lib, ushbu qo‘lyozmalar asosida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bajarilgan. Dunyo olimlarining Bobur va boburiylarga bo‘lgan yuksak hurmati namunasini ular tomonidan amalga oshirilgan yuzlab nodir tarixiy, ilmiy-adabiy manbalar misolida ham ko‘rish mumkin. 
Asarning bugunga qadar aniqlangan qo‘lyozma nusxalari Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Rossiya kabi mamlakat kitob fondlarida saqlanmoqda va ularning faksimelisi turli davrlarda zahmatkash olimlarimiz tomonidan yurtimizga keltirilgan. 
Asarning so‘nggi mukammal ilmiy-tanqidiy matnlari yaponiyalik olim E. Mano (1995) va profesor S. Hasanov (2002) nashrlari hisoblanadi. Maʼlumotlarga qaraganda, asar bugunga qadar yigirmadan ortiq nom ostida nashr etilgan bo‘lib, faksimili nashrlarini dastlab, Qozonda N. I. Ilminskiy (1857) , Londonda Beverij xonim (1905) nashr etgan. O‘zbekistonda dastlab professor Fitrat (1928) asardan ayrim parchalarni eʼlon qilgan. 
Asar bugunga qadar dunyoning 17 (ayrim manbalarda, qirqqa yaqin) tiliga tarjima qilingan bo‘lsa, shulardan, dastlabki ilmiy tarjima ishi turk olimi R. R. Arat tomonidan bajarilgan.

Tarjima qilingan til

Tarjimonlar

Fors

Shayx Zayn, Mirzo Poyanda, Muhammad Quli Hisoriy,

Abdurahim Xonixonon, Tog‘ay Murod Qarluq Xatloniy

Golland

Vitsen

Ingliz tili

Leyden, V. Erskin, R. M. Koldekot, F. Tolbot (1909), L. King, A. Beverij, V. Tekston

Nemis

A. Kayzir

V. Stamler

Fransuz

P. D. Kruteyl , B. Grammon

Turk

R. R. Arat

Rus

M. A. Sale

Urdu

Mirzo Nosiriddin, R. Axtar Nadviy, Hasan Bek

Hind

Yugjit Navalpuriy

Qozoq

B. Kojabekov

Uyg‘ur

Hamit Temur

Xitoy

Vang Jilay

Yapon

E. Mano

Ispan

Merse Komas

Arab

Magda Maxluf

Fors-dariy

Sh. Yorqin

Ozarbayjon

R. Askar

Mana yaqinda esa “Boburnoma” yana bir dunyo tili – italyan tiliga tarjima qilindi va nashr etildi. Atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini ushbu nashrning so‘zboshisida: “…Boburiylar sulolasi davridagi Hindistonning viqor va hashamatiga qayta nazar solar ekanmiz, biz bu azim shaharlar, saroylar va bog‘larning ko‘rk-u jamoliga qarab, o‘z madaniy taraqqiyotimizning avj nuqtasida yaratgan Uyg‘onish davri yutuqlariga teng, ba’zi o‘rinlarda esa ulardan ziyoda bo‘lgan “o‘zga Renessans”ni ko‘ramiz. Biz faqat o‘zimizga taskin berish uchun bu odamlar bizni ham qahr-g‘azab, shafqatsizlik, ochko‘zlik va hiyla-nayrangga o‘rgatishlari mumkin edi, deya olamiz, xolos”, - deya qayd etib, Sharq xalqlarining, hukmdorlarining, ayniqsa, Boburning siyosatiga tan bergan deya olamiz. Mazkur italyan tilidagi nashr o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Italyan tiliga o‘girilgan “Boburnoma” shak-shubhasiz yevropalik kitobxonlarni mahliyo etadi. Chunki hukmdorning o‘zini o‘zi taftish etishi, xatolarini tan olishi kamdan kam uchraydigan hodisadir. “Boburnoma”ni o‘qir ekanmiz, Bobur o‘zi ta’kidlaganidek, quyidagilarga guvoh bo‘lamiz: 

  • Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum, 
  • Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum,
  • Har kim bu “Vaqoye”ni o‘qur, bilgaykim,
  • Ne ranj-u ne mehnat-u ne g‘amlar ko‘rdum.

Olimjanov Orifjon Odiljon o‘g‘li 
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU magistri