Yangiliklar

img
Fri, 10/27/2023 - 10:53

Boburning o'lmas merosi

Zahiriddin Muhammad Bobur jahon tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan hukmdorlardan biridir. U o’zining badiiy ahamiyati yuksak memuarlari tufayli jahon adabiyoti tarixida eng yuqori pog‘onalardan joy olgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi  Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joylarda buyuk bobokalonimiz hayoti va ijodiga bag'ishlangan turli tadbirlar, anjuman va suhbatlar tashkil etilmoqda. Jumaladan, joriy yilning 25-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan tantanali adabiy-badiiy xotira kechasi tashkil etildi. Tadbirda talabalar Bobur ijodidan bemisl g'azallar o'qib eshittirdilar, uning hayot yo'liga bag'ishlangan badiiy asarlardan parchalarni sahnalashtirdilar.
Jahon ilm-fani taraqqiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining o‘rni va ahamiyati katta. Xususan, “Boburnoma” XVI asrgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tushunchalarni qamrab olgan, barcha sohalarda qimmatli ma’lumotlar beruvchi, o‘zbek xalqining jahondagi boshqa millatlar bilan adabiy-madaniy aloqalari tarixini yoritishga xizmat qiladigan noyob manbadir. Dunyoning o‘ttizga yaqin tiliga tarjima qilinishi asarning teran mazmuni, ta’sirchan uslubi hamda ensiklopedik xarakteri bilan belgilanadi. Xususan, Yevropaga “Boburnoma”  XVIII asr  boshlarida kirib borgan. 1705-yilda ilk bor golland tiliga asardan parchalar tarjima qilinadi va shu orqali “Boburnoma” yevropaliklar orasida mashhur bo‘ladi. Keyinchalik ingliz tiliga 3 marta, nemis tiliga 4  marta, fransuz tiliga 3 marta  tarjima qilinganligi ham asarning jahoniy shuhratidan dalolat beradi. Biz buyuk ajdodimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi.