Yangiliklar

img
Sat, 02/15/2025 - 15:29

Bobur tavalludining 542 yilligi keng nishonlandi

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan butun mamlakatimiz boʻylab turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va adabiy kechalar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda taniqli olimlar, adabiyotshunoslar hamda yosh avlod vakillari faol ishtirok etib, Boburiylar davlati asoschisi, shoir va buyuk sarkarda Bobur ijodini keng targ‘ib qilishga xizmat qilishdi.
Mazkur tadbirlar doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-oʻqituvchilari turli tashkilot va ta’lim muassasalarida o‘z ma’ruzalarini havola etdilar.
Jumladan, O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova Toshkent arxitektura-qurilish universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdi. Tadbir davomida Bobur ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanib, talabalar va o‘quvchilar bilan ilmiy-madaniy muloqot tashkil etildi.
IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Shamsi Bobur – ilhom nuri” deb nomlangan badiiy kecha tashkil etildi. Tadbirda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Sohiba Umarova o‘zining “Boburnoma – jahon durdonasi” nomli ma’ruzasini taqdim etdi. Ushbu ma’ruza maktab-internat o‘qituvchilari va o‘quvchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.

  

2025-yil 13-fevral kuni TDIU Menejment fakulteti Falsafa kafedrasi tomonidan “Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ijtimoiy-falsafiy qarashlari” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda universitet dotsenti Abdumurod Tilavov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruza davomida Bobur va Navoiy asarlarining falsafiy va ijtimoiy ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

  

Shuningdek, filologiya fanlari doktori, professor Nusratillo Jumaxo‘ja Favqulodda vaziyatlar vazirligida oʻtkazilgan davra suhbatida ishtirok etdi. Ushbu suhbatda Bobur hayoti va ijodining zamonaviy talqinlari hamda uning jahon adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr almashildi.
Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tadbirlar yosh avlodni Boburiylar merosi bilan yaqindan tanishtirish, ularda ma’naviy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qildi.

 

Ikki buyuk shoir va mutafakkir – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy anjumanlar hamda adabiy-ma’rifiy tadbirlar respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.
2025-yilning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan Navoiy viloyatida Alisher Navoiy yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan Navoiy innovatsiyalar universitetida ''Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni'' mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Anjumanda universitetimiz O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nurboy Jabborov ''Alisher Navoiy lirikasi va turkiy she’riyat takomili'' mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Anjuman mehmonlari uchun Navoiy viloyatining Qosim Shayx, Nurota singari tarixiy manzillariga sayohat tashkil etildi.