Yangiliklar

img
Thu, 02/13/2025 - 19:29

Bobur tavalludining 542 yilligi keng nishonlandi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida buyuk shoir, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.  
Tadbirda Bobur ijodining mohir tadqiqotchilari – filologiya fanlari doktori, professor Marg‘uba Abdullayeva hamda boburshunos olima Dilafro‘z Muhammadiyeva so‘zga chiqib, buyuk shoir va tarixchi olimning hayoti, adabiy merosi hamda davlat boshqaruvidagi faoliyati haqida ma’ruzalar qilishdi.  
Shuningdek, tadbir davomida universitet talabalari tomonidan Bobur ijodiga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Talabalar Bobur g‘azallarini yoddan ifodali o‘qib, uning she’riyati orqali shoirning dard va iztiroblarga yo‘g‘rilgan qalb kechinmalarini, yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbatini ifoda etdilar. Ayniqsa, “Ey falak, toki jahon ichradur ahlig‘araz…” kabi mashhur g‘azallarni jonli ijro etish tinglovchilar qalbiga o‘zgacha taassurot qoldirdi. 

  

Bundan tashqari, sahna korinishlari orqali Boburning murakkab hayot yoli, yurishlari, saltanat boshqarishdagi murakkab qaror va kechinmalari aks ettirildi. Boburning Hindistonga safar qilishi va u yerda ilm-fan, sanat taraqqiyotiga qoshgan hissasi jonli obrazlar vositasida talqin etildi. 

  

Tadbir yakunida talabalarning ijodiy chiqishlari yuqori baholanib, ular Bobur merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Ushbu adabiy-ma’rifiy tadbir buyuk shoir va davlat arbobining boy merosini yosh avlod ongiga singdirish, uni chuqurroq anglash va qadrlashga xizmat qildi.