Yangiliklar

img
Mon, 02/17/2025 - 10:41

Bobur asarlari lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi

2025-yil 14-fevral kuni Andijon shahrida “Boburshunoslikning yangi ufqlari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (ToshDO'TAU) olimlari ham faol ishtirok etdilar.
Seminar davomida Prezident administratsiyasi vakili, siyosiy fanlar doktori, professor Saidxon Saidolimov “Boburnoma”ning italyan tilidagi nashri haqida fikr bildirib, ushbu muhim ilmiy ishda ToshDO'TAU rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinovning xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, seminarda ToshDO'TAU olimlari – professor Z. Xolmanova, dotsent D. Muhammadiyeva va Sh. Hayitov tomonidan tayyorlangan “Bobur asarlari lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu lugat Ozbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan bolib, boburshunoslik sohasidagi muhim ilmiy manbalardan biri sifatida etirof etildi.
Lug‘atda Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, “Bobur devoni” va “Mubayyin” asarlarida uchraydigan so‘z va iboralarning izohi berilgan. Bu ilmiy manba Bobur asarlarida qo‘llangan til birliklarini chuqur o‘rganish, ularning izohlarini keltirish hamda zamonaviy o‘zbek tilidagi ma’nolari bilan taqqoslash imkonini yaratadi.

 

Mazkur lugat nafaqat boburshunos olimlar, balki keng ilmiy jamoatchilik va yosh tadqiqotchilar uchun ham bebaho qollanma bolib xizmat qiladi. Tadbir yakunida lug‘atning dastlabki nusxasi Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondiga topshirildi, bu esa uning ilmiy doiralarda keng tarqalishi va tadqiqotchilar uchun foydalanishga taqdim etilishiga xizmat qiladi.