Biz giyohvandlikka qarshimiz, undan yoshlarimizni asraylik
“Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Biz giyohvandlikka qarshimiz, undan yoshlarimizni asraylik” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochib berar ekan, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor G.Jo'rayeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi PF-200-son Farmoni asosida giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha 2025-yilgacha mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilinganini ta’kidladi. Ushbu dastur yoshlarni giyohvandlikdan himoya qilish hamda talabalik maqomi va uning mas’uliyatini oshirishni ko‘zda tutadi.
G.Jo'rayeva o‘z so‘zida yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan e’tibor va hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning pirovard maqsadi – yoshlarni zararli odatlardan, xususan, giyohvandlik va og‘ufurushlikdan asrash hamda mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish ekanini qayd etdi. Shuningdek, giyohvandlikning jiddiy oqibatlari, jumladan, jinoyatchilikning ortishi, oilalarning buzilishi va millat genofondiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda Yakkasaroy tumani IIOFMB boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shakirov, mayor S.Safarov va U.Nurmatovlar tomonidan yoshlar o‘rtasida tamaki, alkogol va giyohvand moddalar iste’molining sog‘liq va ruhiyatga zararli ta’sirini ko‘rsatish maqsadida ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari taqdim etildi. Ma’ruzachilar ushbu zararli moddalar miya va yurak qon-tomir tizimiga, shuningdek, ongi va tafakkurga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini tahliliy ma’lumotlar bilan asoslab berdilar.
Tadbir davomida yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ularga to‘g‘ri yo‘ldan adashmaslikka yordam berish hamda buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’rifat ilmi orqali kurashishning ahamiyati ta’kidlandi.
Mazkur tadbir universitetda giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarning bir qismi sifatida tashkil etilib, ushbu jarayon talabalarning bilim va ongini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

