“Bir ustoz – bir talaba” tamoyili asosida pedagogik amaliyot
2025-yil 24-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Shokir Xalilov hamda bo‘lim bosh mutaxassisi Xayrulla Rajabov Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida ular Yakkasaroy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 89- va 127-sonli, shuningdek, Uchtepa tumanidagi 44-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lishdi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi talabalarning pedagogik amaliyot jarayonini o‘rganish, uni sifatli va samarali tashkil etish, shuningdek, maktab va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Bugungi kunda universitetning O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 3–4-bosqich talabalari haftalik o‘quv mashg‘ulotlarini “4+2” tartibida olib bormoqdalar. Ya’ni, haftaning to‘rt kuni oliy ta’lim muassasasida nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, qolgan ikki kuni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Ushbu tizim talabalarni nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda puxta tayyorlash imkonini yaratmoqda.
Pedagogik amaliyot jarayonlari “Bir ustoz – bir talaba” tamoyili asosida tashkil etilgani bilan ham ahamiyatlidir. Bu tamoyil har bir talabaga tajribali ustoz ko‘magida amaliy faoliyat olib borish, dars jarayonida nazariy bilimlarini mustahkamlash, ilg‘or metodlarni bevosita sinfda qo‘llash va o‘qituvchilik mahoratini oshirish imkoniyatini bermoqda. Tashrif davomida kuzatilgan mashg‘ulotlarda talabalar ustozlaridan o‘rgangan samarali uslublar orqali o‘quvchilar bilan faol, qiziqarli va samarali darslar o‘tayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, tashrif chog‘ida maktab rahbarlari, amaliyotchi talabalar va ularning ustozlari bilan suhbatlar tashkil qilinib, amaliyot jarayonini yanada takomillashtirish, darslarda innovatsion metodlardan keng foydalanish va talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

“Bir ustoz – bir talaba” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan pedagogik amaliyot talabalarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ularni kelgusida o‘z faoliyatiga puxta tayyorlash hamda ta’lim tizimida samarali natijalarga erishish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

