
Bir haftada – bir kitob
Yozgi ta’til fasli yoshlar uchun ijodiy izlanishlar, intellektual o‘sish va ma’naviy boylikka erishish davri bo‘lishi lozim. Shu maqsadda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida keng qamrovli va sermazmun dasturlar ishlab chiqilib, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali va foydali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, loyiha doirasidagi iyun, iyul va avgust oylariga mo‘ljallangan kunlik tadbirlar rejasiga asosan, 2025-yil 11-iyun kuni universitetda “Bir haftada – bir kitob” nomli adabiy-ma’rifiy loyihaning navbatdagi soni bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida talabalar o‘zlari mustaqil ravishda o‘qib chiqqan o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarini chuqur tahlil qilib, ular ustida ilmiy-adabiy asoslangan bahs va munozaralar olib bordilar.
Uchrashuvda ishtirokchilar adabiyotning inson tafakkuri va qalbi tarbiyasidagi o‘rni, badiiy asar orqali tarixiy voqealarga yangicha nazar tashlash imkoniyati borligini his etgan holda, ikki buyuk adib — o‘zbek romanchiligining asoschisi, jadid adabiyotining yorqin namoyondasi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani hamda rus klassik adabiyotining zabardast vakili Aleksandr Pushkinning “Kapitan qizi” qissasi asosida qiyosiy tahlil olib bordilar.
Tahlil jarayonida asarlarning syujet qurilishi, tarixiy fon va ijtimoiy muhit tasviri, obrazlar ichki dunyosining ochib berilishi, badiiy til va uslubning o‘ziga xosligi kabi qator muhim jihatlar chuqur muhokama qilindi. Har ikki asarning asosiy g‘oyaviy yo‘nalishi – vatan, sadoqat, muhabbat, erkinlik va adolat kabi mavzular atrofida shakllangan bo‘lib, bu jihatlar o‘rtasidagi umumiylik va farqlar talaba-yoshlar tomonidan keng yoritildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu loyiha ularning kitobxonlik saviyasini oshirish, mustaqil fikrlash va adabiy-estetik didini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, bunday adabiy uchrashuvlar yoshlarda tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirib, o‘z fikrini asosli va ravon ifoda etish salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Umuman olganda, “Bir haftada – bir kitob” loyihasi talaba-yoshlar uchun nafaqat badiiy asarlarni o‘qish, balki ularni teran anglash, tahlil qilish, hayotiy saboqlar chiqarish imkonini beruvchi ma’naviy maktab bo‘lib xizmat qilmoqda.