Yangiliklar

img
Fri, 04/29/2022 - 19:49

"Bilimlar bellashuvi"ning tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi

Xabaringiz bor, shu yilning 27-aprel kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti  Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakulteti Xorijiy tillar kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan  arab, fors, nemis, rus, fransuz tillari bo‘yicha  “Bilimlar bellashuvi”ga start berilgan edi.

Mazkur til yo’nalishlari bo’yicha ishtirokchi talabalar 2 kun davomida 3 bosqichli sinovdan o’tishdi. Birinchi bosqich test shaklida olinib, shu vaqtning o’zidayoq tekshirildi va ballar e’lon taxtasiga ilib qo’yildi. Natijalarga ko’ra, yuqori ball to’plagan talabalar ikkinchi bosqichda ishtirok etish imkoniga ega bo’ldi. Tanlovning ikkinchi bosqichidan o’tgan talabalar kuni kecha uchinchi bosqichda g’oliblik uchun bellashishdi.

Bugun, 2022-yilning 29-aprel kuni “Bilimlar bellashuvi”ning tantanali taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Tadbirni universitetimiz Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori Bahodir Xoliqov va Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti Murtazo Saydumarov kirish so’zi bilan ochib berishdi.

Har bir til yo’nalishlari bo’yicha I, II, III o’rin g’oliblari aniqlanib, diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Jarayon davomida iqtirdorli talabalar tomonidan arab, fransuz, rus, nemis, fors tillarida tayyorlangan musiqa va raqslar taqdim etildi.

Taqdirlash marosimi tantanali bayram shukuhida o’tdi.  Bugungi “Bilimlar bellashuvi” chin ma’noda talabalarda til o’rganishga bo’lgan ishtiyoqni qayta uyg’otdi.

Mazkur bellashuv 200 dan ortiq talabani o’ziga jalb qila olgani buning yorqin dalilidir. Tilga e’tibor – elga e’tibor. Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda til o’rganish, til bilish yashash majburiyatiga aylanib bormoqda.

Endi oliy o’quv yurtlarining magistratura bosqichida o’qishni istaganlardan ham til bilish talab etilmoqda. Shunday ekan, til o’rganishni boshlang, til o’rganishda davom eting!