"Besh tashabbus olimpiadasi" davom etmoqda
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan “Mini futbol” musobaqasi o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida yuqori ruhda, qizg‘in va murosasiz bellashuvlar bilan yakunlandi. Mazkur musobaqada ishtirok etgan jamoalar maydonda kuchli iroda, mahorat, tezkorlik hamda jamoaviy harakatni namoyish etib, g‘alaba uchun borlarini berib kurashdilar. Sportona muhiti hukm surgan bahslarda talabalar mini futbolning o‘ziga xos dinamika va jozibasini yorqin o‘yinlar orqali ko‘rsatishdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra birinchi o‘rin Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni University of Business and Science Toshkent filiali jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi pog‘onaga Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti jamoasi munosib deb topildi. Shuningdek, faol ishtiroki bilan ajralib turgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Eng faol ishtirokchi universitet” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi. G‘olib jamoalar tantanali tarzda faxriy diplomlar va esdalik sovrinlari bilan taqdirlandi, barcha ishtirokchilar esa musobaqadan ko‘tarinki kayfiyat hamda unutilmas taassurotlar bilan qaytdilar.
13-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan ushbu musobaqada S-sektor doirasida Chilonzor, Yakkasaroy va Sergeli tumanlaridagi oliy ta’lim muassasalari jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Tadbir yuqori tashkiliy saviyada tashkil etilib, sport ruhini targ‘ib qilish, yoshlarning jismoniy faolligini oshirish hamda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Mazkur musobaqa talabalar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va sport madaniyatini mustahkamlab, yoshlarga ijobiy ruh bag‘ishladi. Sog‘lom avlod — sog‘lom jamiyat degan g‘oya yana bir bor o‘z isbotini topdi.

