Yangiliklar

img
Tue, 11/29/2022 - 16:39

Barqaror rivojlanish va sifatli oliy taʼlim imkoniyatiga erishish uchun hamkorlik

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) muvofiq 2022-yil noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari fakulteti, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi professor o‘qituvchilari tomonidan Akademik E.A.Buketov nomidagi Qarag‘anda universiteti Falsafa va psixologiya fakulteti “Psixologiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda doktorant va magistrantlari uchun ilmiy nazariy-metodologik seminarlar   o‘tkazildi.  


Kafedra dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi  Ilhom Aslonovning “Markaziy Osiyo xalqlari tarixida “Boburnoma”ning o‘rni: “Boburnoma”dagi badiiy-psixologik obraz muammosi” mavzusida, kafedra dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi Damegul Arapbayevaning  “O‘zbekistonda yashovchi qozoq oilalarining etnopsixologik xususiyatlari” mavzusidagi, kafedra dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Vahob Sattorovning “O‘quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusidagi, dotsent v.b., pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Sulaymonqul Haydarovning “Tasviriy sa‘nat asarlari vositasida O‘zbekiston tarixi darslari samaradorligini oshirishning didaktik imkoniyatlari” mavzusidagi, kafedra katta o‘qituvchisi Gulnoza Jabborovaning “O‘zbek xalq ekologiyasi – boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ekologik madaniyat asoslarini shakllantirish vositasi sifatida” mavzusidagi va kafedra o‘qituvchisi Farxod Karimovning “Temperament, xarakter va qobiliyat haqida tushuncha” mavzusidagi ilmiy nazariy-metodologik seminarlari qatnashchilar tomonidan yuqori darajada baholandi.


Ilmiy seminarda  Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek va qozoq xalqlari uchun umumiy bo‘lgan tarixiy, madaniy qadriyatlar, sifatli oliy ta’limni ta’minlash va umumiy ekologik muammolarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu esa o‘zbek va qozoq olimlarining o‘zaro ilmiy hamkorlikdagi faoliyatini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Seminarda ishtirok etgan “Psixologiya” va “Ijtimoiy ish" yo‘nalishi talabalari muhokamalarda faol ishtirok etishdi.