Yangiliklar

img
Wed, 01/08/2025 - 13:09

Bahosidan norozi talaba qanday yo'l tutadi?

Nazoratlar (ON, YN) uchun qo‘yilgan bahodan norozi bo‘lgan talabalarning apellyatsiya berish tartibi to‘g‘risida eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar:

Savol: Talaba bahosidan norozi bo‘lib qachon apellyatsiyaga ariza berishi mumkin?

Javob: Har qanday nazorat (ON, YN) tugab, natijalari, ya’ni baholar e’lon qilingandan so‘ng 24 soat davomida talaba shikoyat arizasi (apellyatsiya) berishi mumkin (OTFIVning 2024-yil 2-dekabrdagi 451-sonli buyrug‘i). Bunda quyidagilarga e’tibor berish kerak:

a) agar biror nazorat turi yozma shaklda bo‘lgan bo‘lsa, yozma ishlar 2 kun davomida tekshiriladi va 3-kun natijalari e’lon qilinadi. 

b) agar biror nazorat turi og‘zaki, test (kompyuterda), taqdimot (taqdimot-loyiha) va amaliy shaklda bo‘lgan bo‘lsa, uning natijalari imtihon olingan kun e’lon qilinadi.

c) agar biror nazorat turi test (qog‘ozda) shaklda bo‘lgan bo‘lsa, uning natijalari imtihon olingan kundan keyingi kun e’lon qilinadi.

Masalan, biror fan bo‘yicha yakuniy nazorat 2025-yil 6-yanvar kuni og‘zaki, test (kompyuterda), taqdimot (taqdimot-loyiha) va amaliy shaklda bo‘lib, uning natijalari imtihon olingan kunning o‘zida soat 16:00 da e’lon qilinsa, e’lon qilingan vaqtdan boshlab, ya’ni 2025-yil 6-yanvar soat 16:00 dan 2025-yil 7-yanvar 16:00 gacha shikoyat arizasini qabul qiluvchi organ (Xizmat ko‘rsatish bo‘limi)ning ish vaqti (09:00 dan 17:00 gacha, tushlik vaqti 12:00-13:00) davomida ariza bilan murojaat etish mumkin.

Yoki, biror fan bo‘yicha yakuniy nazorat 2025-yil 6-yanvar kuni yozma shaklda bo‘lib, uning natijalari imtihon olingan kundan 2 kun o‘tib, ya’ni 2025-yil 9-yanvar kuni soat 10:00 da e’lon qilinsa, e’lon qilingan vaqtdan boshlab, ya’ni   2025-yil 9-yanvar soat 10:00 dan 2025-yil 10-yanvar 10:00 gacha shikoyat arizasini qabul qiluvchi organ (Xizmat ko‘rsatish bo‘limi)ning ish vaqti (09:00 dan 17:00 gacha, tushlik vaqti 12:00-13:00) davomida ariza bilan murojaat etish mumkin.

Savol: Talaba tomonidan kiritilgan shikoyat (apellyatsiya) arizasi qachon qabul qilinmaydi?

Javob:  Nazorat (ON, YN) natijalari e’lon qilingan paytdan boshlab 24 soatdan o‘tib ketib qilingan murojaatlar qabul qilinmaydi (OTFIVning 2024-yil 2-dekabrdagi 451-sonli buyrug‘i).

Savol: Talaba tomonidan kiritilgan shikoyat (apellyatsiya) arizasi necha kun muddatda ko‘rib chiqiladi?

Javob:  Talabaning shikoyat (apellyatsiya) arizasi rektor buyrug‘i bilan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi tomonidan 48 soat (2 kun muddat)da ko‘rib chiqiladi (OTFIVning 2024-yil 2-dekabrdagi 451-sonli buyrug‘i). 

Savol: Talaba shikoyat (apellyatsiya) arizasi bilan murojaat etganda qayta imtihon qilinadimi?

Javob: Yo‘q, talabaning qayta imtihon qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi (OTFIVning 2024-yil 2-dekabrdagi 451-sonli buyrug‘i). Apellyatsiya jarayonida talaba tomonidan bajarilgan ish (yozma, test, og‘zaki, taqdimot) o‘qituvchi tomonidan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri baholanganligi ko‘rib chiqiladi. 

Agar imtihon natijalarini tekshirib baholagan o‘qituvchi tomonidan talabaning ishi noto‘g‘ri baholangan bo‘lsa apellyatsiya komissiyasi talabaning ishini qayta ko‘rib chiqib tegishli bahoni qo‘yadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiradi.

Agar imtihon natijalarini tekshirib baholagan o‘qituvchi tomonidan talabaning ishi to‘g‘ri baholangan bo‘lsa apellyatsiya komissiyasi talabaga qo‘yilgan bahoni o‘zgartirmaydi va bayonnomada baho o‘zgartirilmaganligi qayd etiladi.

Savol: Talabaning shikoyat (apellyatsiya) arizasini ko‘rib chiqishda talabaning o‘zi ishtirok etadimi?

Javob: Ha. Talabaning o‘zi shaxsan ishtirok etadi (OTFIVning 2024-yil 2-dekabrdagi 451-sonli buyrug‘i).