Bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligining asosi
2025-yil 11-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” mashg‘uloti bag‘rikenglik mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Tadbirda talabalar o‘rtasida totuvlik, o‘zaro hurmat, boshqalarni o‘zimizdek qabul qilish kabi insoniy fazilatlarni mustahkamlashga qaratilgan suhbatlar tashkil etildi.
Shuningdek tadbirda yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Jurayeva Gulnoza Axmatovna, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Mashg‘ulot davomida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Yarkulov Alisher Ataqulovich bag‘rikenglikning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, millatlararo totuvlikni saqlash va o‘zaro ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, bugungi globallashuv davrida bag‘rikenglik har bir inson hayotida muhim qadriyat sifatida shakllanishi zarurligini ta’kidladi.
Mashg‘ulot davomida talabalar interaktiv mashqlar orqali bag‘rikenglikni kundalik hayotda amalda qo‘llash yo‘llari haqida fikr almashdilar. Ishtirokchilar bag‘rikenglik osoyishta, barqaror va totuv jamiyat barpo etishning muhim omili ekanini qayd etdilar.
Shuningdek, dars davomida dunyo miqyosidagi dolzarb yangiliklar ham muhokama qilindi. Jumladan, YUNESKOning 43-bosh konferensiyasi Samarqand shahrida ochilgani hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Mazkur “Kelajak soati” mashg‘uloti talabalar ongida bag‘rikenglik, insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini yanada chuqurroq singdirish, ularni jamiyatda faol va tolerant shaxslar sifatida shakllantirishga xizmat qildi.

