Yangiliklar

img
Sun, 01/01/2023 - 15:56

Aziz hamkasblar, qadrli talabalar!

Barchangizni yaqinlashib kelayotgan 2023-yil bilan muborakbod etaman. Oʻtib borayotgan yil mamlakatimiz, xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti uchun ham muvaffaqiyatlarga boy yil boʻldi. 2022-yilda universitetimiz ilk bor xalqaro reytinglarga kirdi va ijobiy natija qayd etdi. Universitetimizning ilmiy salohiyati yanada oshdi, ilmiy darajaga ega professor-o'qituvchilarimiz soni salkam 40 nafarga ko'paydi. 2022-yilda universitetimizda yangi fakultet va yangi ta'lim yo'nalishi, magistratura mutaxassisligi ochildi. Talabalarimiz va ustozlarimizdan 5 nafari yurtimizning yuksak unvon va medallariga loyiq ko'rildi. Biz haqli ravishda professor Hamidulla Dadaboyev, Zulxumor Xolmanova, Dilnavoz Yusupova kabi ustozlar bilan bir jamoada ishlayotganimizdan faxrlanamiz. Turli tanlov va grantlarda g'olib bo'lib, universitetimiz sha'nini yuksaklarga ko'tarayotgan Sevinch Avazova, Samandar Yusupov, Parizoda Ro'ziboyeva, Sevinch G'afforova, Go'zal Qo'ziboyeva, Shohrux Usmonov singari iqtidorli talabalarimizning erishgan muvaffaqiyatlari bizni juda quvontirdi.
Biz ilmiy-tadqiqot faoliyati, oʻquv-uslubiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishda koʻplab maqsadli loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.
Yurtboshimiz rahnamoligida olib borilayotgan taʼlim islohotlarida oldingi safda boʻlishga harakat qilmoqdamiz.  Erishilgan yutuqlar kelajakka ishonch bilan olgʻa borishga undaydi. Ishonch bilan ayta olamanki, 2023-yil ham barcha jabhalarda oʻzimizning ahil va intiluvchan jamoamiz bilan ulkan marralarni zabt etamiz. Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin!

Shuhrat Sirojiddinov
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor.