Yangiliklar

img
Fri, 12/19/2025 - 15:24

Axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 18-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida axborot xavfsizligi madaniyatini oshirish, kiberjinoyatchilikning oldini olish hamda internet makonida mas’uliyatli xulq-atvorni shakllantirish maqsadida keng qamrovli profilaktik uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda Yakkasaroy tumani IIOFMBning tajribali va mutasaddi xodimlari ishtirok etib, talabalarga bugungi globallashuv sharoitida axborot xavfsizligining dolzarbligi, raqamli muhitda yuzaga kelayotgan tahdidlar hamda ularning oldini olish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etdi. Jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish, shaxsiy va maxfiy ma’lumotlarni himoyalash, parollar xavfsizligini ta’minlash, shubhali havolalar va noma’lum manbalardan kelgan xabarlardan ehtiyot bo‘lish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida kiberfiribgarlikning eng ko‘p uchraydigan turlari, xususan, soxta sahifalar, fishing xabarlari, onlayn savdo orqali aldash holatlari, begona akkauntlar orqali ma’lumotlarni qo‘lga kiritish kabi holatlar real hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi. Shuningdek, bunday jinoyatlarning jamiyat va shaxs hayotiga yetkazadigan salbiy oqibatlari hamda kiberjinoyat qurboniga aylangan taqdirda qaysi tashkilotlarga murojaat qilish va qanday huquqiy choralar ko‘rish lozimligi haqida ham aniq tavsiyalar berildi.

  

Uchrashuv interaktiv tarzda o‘tkazilib, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar. Yakkasaroy tumani IIOFMB xodimlari tomonidan berilgan atroflicha va asosli javoblar yoshlarning mavzu yuzasidan bilim va tasavvurlarini yanada kengaytirdi.

Tadbir yakunida bunday profilaktik uchrashuvlar talaba-yoshlar orasida axborot xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish, kiberjinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda yoshlarni turli tahdidlardan himoyalashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi. Universitet rahbariyati tomonidan ham kelgusida ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarni izchil davom ettirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.