Yangiliklar

img
Thu, 05/04/2023 - 20:45

Atoqli jadidshunos xotirasi

2023-yil 4-may kuni ToshDOʻTAU talabalar turar joyida Oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi professor-oʻqituvchilari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, Turkiya Otaturk kultur markazi faxriy aʼzosi, Turkiya Arashtirma (tadqiqot) markazi muxbir aʼzosi, atoqli adabiyotshunos olim Begali Qosimov xotirasiga bagʻishlangan “Begali Qosimov – jadidshunos olim” mavzusida adabiy-maʼrifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda olimning shogirdlari, izdoshlari va o‘g‘li ishtirok etdi. Talabalarga o‘zbek milliy uyg‘onish davri haqidagi ulkan va qimmatli ma'lumotlarni, yuzlab ilmiy asarlarni meros qilib qoldirgan, benazir shogirdlar tarbiyalagan ulug‘ ustozning ilm yo‘li haqida uzoq va maroqli suhbat qurildi. Olim darslarida arab imlosidagi kitoblarni, jadid matbuoti materiallarini bemalol oʻqib, joriy imloga tabdil qilib bergan. U kishining shaxsiy kutubxonasida Bogʻchasaroyda chop etilgan “Oyna”, Orenburgda chiqqan “Shoʻro”, “Vaqt”, Tiflisda bosilgan “Xoʻja Nasriddin”, Yevropada nashr qilingan “Yosh Turkiston” singari gazeta va jurnallarning jamlanmalari (podshivkalari) saqlangan. Jadid matbuotining mazkur nashrlarini darsga ham olib kelib, talabalariga zarur oʻrinlarini oʻqib, tushuntirib berar edi. Navoiy asarlarini Begali Qosimovchalik nozik tushunadigan, domlachalik buyuk shoir gʻazallari hamda “Xamsa” dostonlarining inja maʼnolarini mukammal sharhlay oladigan mutaxassis kam edi. Hozir ham bunday adabiyotshunoslar barmoq bilan sanarli. Bugun ulug‘ olim xotirasi yod etildi, yoshlarga ibrat bo'ladigan voqealar xotirlandi.