“Antikorrupsiya oyligi” doirasida QVZ bellashuvi o‘tkazildi
17-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Antikorrupsiya oyligi” doirasidagi navbatdagi yirik ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” klubi a’zolari hamda universitet Yoshlar ittifoqining yetakchi va koordinatorlari tashkil etdi. Mazkur tashabbus doirasida talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, halollik tamoyillarini targ‘ib qilish va korrupsiyaviy xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda turli fakultet va yo‘nalishlardan tuzilgan jamoalar “Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovi orqali iste’dodini namoyon qildi. Jamoalar uchta shart asosida ijodiy chiqishlar bilan bellashdi. Har bir shart hazil-mutoyiba, sahna mahorati, mashq qilingan sahna ko‘rinishlari va improvizatsiya bilan boyitildi. Tomoshabinlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlangan mazmunli chiqishlar tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Baholash jarayoni yakuniga yetgach, hakamlar hay’ati eng faol va ijodkor jamoalarni aniqladi. Natijaga ko‘ra, birinchi o‘ringa Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalardan tuzilgan “Bojalar” jamoasi loyiq topildi. Ikkinchi o‘rin O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishining “Olov qizlar” jamoasiga nasib qildi. Uchinchi o‘rin esa ikki jamoaga berildi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishining “Mix” jamoasi hamda Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishi talabalari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan talabalarning ijtimoiy faolligi, tashabbuskorligi va sahna madaniyati yuqori baholandi. “Quvnoqlar va Zukkolar” bellashuvi nafaqat antikorrupsiya madaniyatini mustahkamlashga, balki talabalarda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga, ochiq fikrlashga va ijodiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

