Yangiliklar

img
Wed, 03/01/2023 - 17:35

An'anaga aylangan ilmiy seminarlar

2023- yil 1-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek filologiyasi fakultetida navbatdagi nazariy-metodologik seminar boʻlib oʻtdi. Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi professori Jumaboy Rahimov “Panfilovchi oʻzbeklarning jangovor qoʻshiqlari” mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzachi 40 yillik ilmiy faoliyati natijasida o‘rgangan arxiv materiallari, tarixiy faktlar asosida ikkinchi jahon urushi davri, urushda erishilgan gʻalabada xalqimizning hissasi, ayniqsa panfilovchi oʻzbek jangchilarning vatanparligi, urushning muhim harbiy strategik nuqtalarida ularning jasorati hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlganligini alohida taʼkidladi. Xususan, urushdagi gʻalabada tub burilish yasaydigan front chiziqlariga oʻzbek jangchilari tashlangani, ularga buyuk sarkardalarimiz  Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur haqida shoir va yozuvchilar, kompozitorlar tomonidan maxsus jangovor ruhdagi qoʻshiqlar tayyorlangani, shu qoʻshiqlar sadosi ostida jangga kirgani, bu esa jangchilarning jangovor ruhini oshirishga yordam berganini aytib oʻtdi. Bunday faktlar eʼlon qilinmaganini alohida taʼkidladi.  Mazkur masala yuzasidan f.f.d., professor Nusratillo Jumaxoʻja, f.f.d., professor Uzoq Joʻraqulov, f.f.d., professor Baxtiyor Abdushukurovlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Seminarda fakultet porfessor-oʻqituvchilari, tayanch doktorantlar, yosh tadqiqotchilar qatnashdi. Qizgʻin bahs-munozara tarzida oʻtgan seminar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.