Yangiliklar

img
Sat, 04/04/2026 - 16:55

Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy tadbir

2026-yil 4-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan keng qamrovli ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir universitetning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchilari Sevara Abdusalomova hamda Dilnoza Nazarovalar tashabbusi bilan yuqori saviyada o‘tkazildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti yetakchi mutaxassislari — tarix fanlari doktori (DSc) Xurshid Jumanazarov hamda falsafa doktori (PhD) Feruza Amonovalar ishtirok etib, “Amir Temur — davlat arbobi va ilm-fan homiysi” mavzusida mazmunli va ilmiy asoslangan ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.

Ma’ruzalarda Amir Temurning nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobi, balki ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik ishlariga katta e’tibor qaratgan tarixiy shaxs sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Temuriylar davrida ilm-fan, adabiyot va me’morchilikning yuksak rivojlangani, bu davrning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni keng yoritib berildi.

 

Tadbir davomida universitet o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida qizg‘in muloqotlar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. Bunday ochiq muloqotlar talabalarning tarixiy tafakkurini kengaytirish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda milliy o‘zlikni anglashiga xizmat qildi.

 

Mazkur tadbir yoshlarning Amir Temur siymosiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, Temuriylar davri tarixini chuqurroq o‘rganishlariga turtki berdi. Shu bilan birga, u milliy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.