Amir Temur tavalludining 689 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligiga bag‘ishlangan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ta’kidlash joizki, umumbashariy tarixda beqiyos o‘rin egallagan buyuk sohibqiron Amir Temur siymosida xalqimizning kuch-qudrati, adolatparvarligi va bunyodkorlik fazilatlari mujassamdir.
Shu munosabat bilan joriy yilning 9 aprel kuni Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida Amir Temur tavalludining 689 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ilk qismida universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori G. Juraeva kirish so‘zi bilan ishtirok etdi. So‘ngra Toshkent shahar Milliy gvardiyasining 81109-Harbiy qism xizmatchi-xodimlari tomonidan Amir Temur hayoti va tarixiy merosiga oid qiziqarli ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirning badiiy qismida esa talabalar tomonidan Sohibqiron siymosini madh etuvchi sahna ko‘rinishlari, she’rlar, kuy va qo‘shiqlar, shuningdek, rang-barang raqslar namoyish etildi. Tomoshabinlar badiiy chiqishlarni katta qiziqish va iliq taassurotlar bilan qarshi oldilar.

