Yangiliklar

img
Tue, 09/08/2026 - 20:30

Amir Temur haqidagi manbalar: tarixni asl manbalar asosida anglash

Avval xabar berganimizdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Oksford universitetining O‘zbekshunoslik dasturi talabalari uchun Yozgi maktab davom etmoqda. Dastur doirasida ishtirokchilar uchun o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat hamda ilmiy tadqiqotlarga oid turli qiziqarli ma’ruza, mashg‘ulot va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Xususan, 8-sentyabr kuni akademik Shuhrat Sirojiddinov Yozgi maktab ishtirokchilari uchun “Amir Temur haqidagi manbalar” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, ularning tarjima va nashr tarixi, shuningdek, mazkur manbalar asosida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar haqida so‘z yuritildi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov matnshunos olim sifatida tarixiy manbalarni o‘rganishda ularning asl matni, qo‘lyozma nusxalari, yaratilish va tarqalish tarixi, keyingi tarjima hamda nashrlarini qiyosiy tahlil qilishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Ma’ruza davomida G‘iyosiddin Aliyning “Amir Temurning Hindistonga yurishi kundaligi”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi axbori Temur”, Ruy Gonsales de Klavixoning sayohat kundaligi, Mu’iniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorix”, Xoja Toj ad-Din as-Salmonning “Zayl-i Zafarnoma”, Hofiz Abruning “Majma’ at-tavorixi sultoniy”, shuningdek, “Temurnoma” va “Malfuzoti Temuriy” kabi manbalar xususida ma’lumot berildi.

 

Shuningdek, ma’ruzada birlamchi manbalarning turli davrlarda fransuz, lotin va ingliz tillariga tarjima qilinishi va nashr etilishi masalasiga ham to‘xtalindi. Xususan, Ibn Arabshoh asaridagi Amir Temur shaxsiga berilgan baho va uning turli tillardagi nashrlari misolida manba matnining keyingi tarjima va talqinlari tarixiy siymo shaxsining ilmiy muomaladagi taqdirini belgilashda muhim o‘rin tutishi ko‘rsatib berildi.

Suhbat va ma’ruza davomida Oksford universiteti O‘zbekshunoslik dasturi talabalari uchun Amir Temur tarixiga oid manbalarni asl nusxalar, qo‘lyozmalar va turli ilmiy nashrlar asosida o‘rganish, mavjud qarashlarga tanqidiy va ilmiy yondashish muhimligi ta’kidlandi. Bu esa Yozgi maktab ishtirokchilariga Markaziy Osiyo tarixini faqat tayyor talqinlar orqali emas, balki uni yuzaga keltirgan manbalar asosida anglash imkonini berdi.

 

Ma’ruza yakunida akademik Shuhrat Sirojiddinov yangi avlod sharqshunoslari Amir Temur va Temuriylar davriga oid manbalarni yanada chuqur o‘rganib, bu buyuk tarixiy shaxs faoliyatiga xolis va ilmiy baho berishiga umid bildirdi. Shuningdek, turli siyosiy bosimlar va mustamlakachilik davri tarixchiligi ta’sirida shakllangan xato hamda biryoqlama qarashlarga ilmiy asosda barham berish, jahon ilm-fanida Markaziy Osiyo, xususan, Amir Temur va Temuriylar davriga doir tarixiy mulohazalarni obyektiv va haqqoniy yoritish yo‘lida yangi tadqiqotlar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.