Yangiliklar

img
Thu, 06/04/2026 - 09:53

Amerikalik olima bilan o‘zbek adabiyotini jahon miqyosida targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi

2026-yil 2-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida AQSHning G‘arbiy Karolina universiteti professori, filologiya fanlari doktori Anna Oldfild mehmon bo‘ldi.

Tashrif doirasida olima universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zbek adabiyotini jahon akademik hamjamiyatiga kengroq tanitish hamda istiqboldagi ilmiy tashabbuslar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Anna Oldfild turkiy xalqlar folklori, adabiyoti va madaniyatini o‘rganish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan taniqli olimalardan biri hisoblanadi. U nufuzli "Fulbright" dasturi sovrindori sifatida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjondagi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan, turkiy xalqlar adabiy merosini tadqiq etish va targ‘ib qilishga qaratilgan qator xalqaro loyihalarda ishtirok etgan. Olimaning O‘zbekistonga bu galgi tashrifi ham milliy adabiyotimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiladigan muhim loyiha bilan bog‘liqdir.

Hozirda amerikalik va o‘zbekistonlik mutaxassislar hamkorligida “Shamolni tutib bo‘lmaydi” nomli o‘zbek adabiyoti antologiyasi nashrga tayyorlanmoqda. Mazkur loyiha ustida adabiyotshunoslar, tarjimonlar va mutaxassislar o‘n yildan ortiq vaqt davomida samarali mehnat olib borganlar. Loyihaning O‘zbekiston tomoni koordinatori Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi rahbari, professor Zulxumor Mirzayevadir.

Ushbu antologiya bir qator muhim jihatlari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Avvalo, loyiha tijoriy maqsadlarni ko‘zlamaydi. Uning bosh maqsadi o‘zbek adabiyotining eng sara namunalarini ingliz tilida taqdim etish orqali xorijiy o‘quvchilar, tadqiqotchilar va akademik doiralarga yetkazish, milliy adabiyotimizning jahon adabiy jarayonidagi o‘rnini mustahkamlashdan iboratdir.

 

Shuningdek, loyiha AQSHning nufuzli nashriyotlaridan biri tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Antologiya nashrga tavsiya etilishidan avval xalqaro akademik amaliyot talablariga muvofiq bir necha bosqichli ekspertiza jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Jumladan, loyiha ikki marotaba anonim taqriz (blind review) hamda ikki marotaba rasmiy mutaxassislar ekspertizasidan o‘tkazilib, yuqori baholandi. Bu esa antologiyaning ilmiy va badiiy saviyasi xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur to‘plam kelgusida dunyoning turli universitetlarida jahon adabiyoti va qiyosiy adabiyotshunoslik yo‘nalishlarida o‘zbek adabiyotini o‘qitish, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yangi ilmiy izlanishlar uchun muhim akademik manba vazifasini bajarishi kutilmoqda. Antologiya o‘zbek adabiyotining xalqaro ilmiy muomalaga kirib borishi va uning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladigan muhim nashrlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

 

Uchrashuv davomida tomonlar o‘zbek adabiyotini xalqaro maydonda targ‘ib qilishga qaratilgan bunday loyihalar ko‘lamini kengaytirish, yangi qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish hamda universitet olimlari ishtirokidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, kelgusida adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, folklorshunoslik va madaniyatlararo aloqalar yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbek adabiyotini dunyo miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan yangi ilmiy va nashriy loyihalarni amalga oshirish, mavjud hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan istiqbolli tashabbuslarni birgalikda ro‘yobga chiqarish borasida kelishuvga erishdilar. Mazkur uchrashuv universitetning xalqaro ilmiy aloqalarini kengaytirish, o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro nufuzini oshirish hamda milliy ilm-fan yutuqlarini jahon akademik hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.