Amaliyotchi talabalar dars jarayonida o‘z pedagogik mahoratini oshirmoqda
2025-yil 6-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Shokir Xalilov, bo‘limning bosh mutaxassisi Xayrulla Rajabov hamda amaliyot rahbari Saodat Qambarova Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 319-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — amaliyotchi talabalarning dars jarayonidagi ishtirokini kuzatish, ularning kasbiy tayyorgarligi, metodik yondashuvi va o‘qituvchilik malakasini baholashdan iborat bo‘ldi. Tashrif davomida universitet vakillari 4-bosqich talabalarning dars jarayonini tashkil etish bo‘yicha olib borayotgan ishlari, o‘quvchilarning faolligini oshirishga qaratilgan metodlardan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishdilar.
Amaliyotchi talabalar ustozlaridan olgan bilim va tajribalarini amaliyot jarayonida muvaffaqiyatli qo‘llab, o‘quvchilarga o‘zbek tili va adabiyoti fanlarini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishmoqda. Shuningdek, ular darslarni interfaol metodlar asosida tashkil etib, o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi va adabiyotga qiziqishini oshirish yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.

Tashrif davomida mutaxassislar amaliyotchi talabalarning dars jarayonidagi ishtirokini kuzatib, ularning faoliyati, o‘quvchilarga yondashuvi va darslarni tashkil etishdagi mas’uliyatini yuqori baholadilar. Talabalarning amaliyot davrida nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, darslarni zamonaviy metodlar asosida olib borishga intilayotgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, mutaxassislar talabalar bilan muloqot davomida o‘qituvchilik kasbida pedagogik madaniyat, mas’uliyat, ijodkorlik va o‘quvchi bilan samarali muloqot o‘rnatish ko‘nikmalarining ahamiyati haqida so‘zlab, dars jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha foydali tavsiyalar berdilar.

Tashrif yakunida amaliyotchi talabalarga o‘z ustozlari rahbarligida o‘qituvchilik mahoratini oshirish, o‘z ustida muntazam ishlash va ta’lim jarayonida zamonaviy yondashuvlarni keng qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ushbu tashrif talabalar uchun nafaqat kasbiy tajriba maktabi, balki o‘z pedagogik salohiyatini namoyon etish imkoniyatini bergan muhim bosqich bo‘ldi.

