Yangiliklar

img
Thu, 01/25/2024 - 15:20

Alisher Navoiyning tilshunoslikka oid talqinlari

2024-yil 25-yanvarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Alisher Navoiyning tilshunoslikka oid talqinlari” mavzusida Xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. 
Seminarni universitet rektori filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov kirish so‘zi bilan ochdi va Alisher Navoiy ijodining  o‘zbek hamda jahon adabiyoti tarixidagi  o‘rni,  ahamiyati haqida to‘xtaldi, daho shoirning turkiy tilning qadri va mavqeyini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etdi. Bugungi  globallashuv sharoitida Alisher Navoiy hayoti va faoliyatini tadqiq etishda xalqaro hamkorlikning har qachongidan ham dolzarbroq ekanligini ta’kidladi, ToshDO‘TAU bilan yaqindan hamkorlik  qilib kelayotgan xorijiy OTMlar professor-o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.
Universitetni strategik rivojlantirish bo‘yicha rektor maslahatchisi filologiya fanları bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Nodir Jo‘raqo‘ziyev, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Abdushukurov Alisher Navoiy lingvistik merosini tadqiq etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, xalqaro ilmiy loyihalar xususida mulohaza yuritdilar.
Seminarni O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova olib bordi. 
Seminarda Tatariston Respublikasi Challi pedagogika instituti professori, filologiya fanlari doktori   Anvar Sharipovning  “Алишер Навои һәм Мөхәммәдьяр иҗаты”,   Me’mor Sinon nomidagi Istambul Badiiy san’atlar  universiteti professori, filologiya fanlari doktori   Tanju Seyhanning    “Ali Şir Nevaî'nin Hıred Redifli İki Gazeli Üzerine Görüşler”, Ozarbayjon Tillar universiteti Turk dunyosi tadqiqotlari markazi direktori filologiya fanlari doktori, professor Elchin İbrohimovning   “Ortaq ünsiyyət dilinin formalaşmasında ortaq əsərlərin rolu: Əlişir Nəvainin “Mühakimatül-lüğəteyn” əsəri”,  Firat universiteti professori, filologiya fanlari doktori   Erjan Alkayaning “Ali Şir Neyaî'nin Eserleri Üzerine Türkiye'de Yapılan Çalışmalar”, Anqara universiteti professori, filologiya fanlari doktori Erkin Emetning “Büyük Alim, Şair, Dölet erbabi Alişir Navayi ve Türk dili”, Najmiddin Erbakan universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori   Ridvan O‘zturkning “Afganistanlı Şair Alim Lebib'in Nevaî  Şiirlerine Yazdığı Nazirelerin Dil bilimsel Özellikleri”, filologiya fanlari nomzodi, Jumabek Tashenov nomidagi universitet dotsenti Lazzat Abenovaning “Шығыс классикалық поэзиясы және қазақ әдебиеті: көркемдік дәстүр жалғастығы және аударма”, Akademik Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Tohir Turdiboyevning “Alisher Navoiyning fors-tojik tiliga boʻlgan munosabati (“Muhokamat-ul lugʻatayn” asari misolida)”, ToshDO‘TAU dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muqaddas Abdurahmonovaning “Alisher Navoiy ijodidagi omonimiyaning lingvokognitiv tahlili”, Manas nomidagi Xalqaro qirg‘iz-turk universiteti dotsenti, filologiya fanları bo‘yicha falsafa doktori Mirzat Rakımbek Uuluning “Мухакемет-ул лугатейн”деги канаттуулардын аталышынын кыргыз тилиндеги аталыштар менен салыштыруу” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.

 

Ma’ruzalarda Alisher Navoiy ijodining g‘oyatda  keng qamrovli va betakror ekanligi, har bir davr olimlari, ijodkorlari Alisher Navoiyning bebaho badiiy, ilmiy merosi haqida o‘z so‘zini aytishi, asrlar osha  serqirra olmosdek tovlanib, dunyo ilm ahlini o‘ziga jalb qilib kelayotgan bu beqiyos ummondan qurbi yetganicha ma’no durlarini terishi, daho ijodkor asarlari qatidagi inja ma’nolarni kashf etishga urinishi, sohaga oid ilmiy yangiliklar, yangi nashrlar, xalqaro ilmiy loyihalarni ko‘paytirish, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjimalari, globallashuv sharoitida ta’limning turli bosqichlarida  Alisher Navoiy  asarlarining o‘qilishi va uqilishi, hayotga tatbiq etilishiga erishish uchun internet axborot tarmog‘idan, elektron resurslardan samarali foydalanish kabi jihatlarga to‘xtalindi.

 

Seminarda ma’ruzalar yuzasidan savollar berildi, fikr va mulohazalar bildirildi.
Seminarda o‘rtaga tashlangan masalalar bo‘yicha bildirilgan mulohaza va munozaralardan kelib chiqqan holda, kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilandi.
Seminarda  ToshDO‘TAU hamda hamkor xorijiy OTMlarning professor-o‘qituvchilari, doktorant va tadqiqotchilari ham ishtirok etdi.
Seminar yakunida ma’ruzachilarga sertifikatlar taqdim etildi, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirildi.