Yangiliklar

img
Mon, 02/06/2023 - 18:42

Alisher Navoiy va XXI asr

Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy – Sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiyzabon xalqlar madaniy va ma'naviy hayotining rivojida alohida o‘rin tutadigan yorqin shaxsdir. U o‘z asarlarida ma'naviy poklik, xalqparvarlik va ma'rifatparvarlikni kuylab, o‘z avlodlariga buyuk adabiy-falsafiy va ilmiy meros qoldirdi.
 Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida mana 8 yildirki, an’anaviy “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi uluslararo ilmiy-amaliy konferans o‘tkazilib kelinadi. Joriy yilda ushbu anjuman ilk bor mamlakatimizda emas, balki xorijda, qardosh Ozarbayjonda o’tkazilmoqda. Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot Instituti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan konferansda jahonning o’ndan ortiq davlatidan navoiyshunos va adabiyotshunos, tarixshunos, tilshunos olimlar ishtirok etmoqda.

AQSh, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari professorlari o‘z ma'ruzalarida bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma'naviy tarbiya ustuvorligi siyosatiga, adabiyot va san’atga qaratilayotgan yuksak e’tiborga alohida baho berib o‘tdilar.


Anjumanda Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi prezidenti, akademik Isa Habibbayli, O‘zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori, Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi 1-kotibi Samir Abbosov va ko‘plab faxriy mehmonlar ishtirok etishdi.


Konferansning eng ahamiyatli jihati shuki, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Alisher Navoiy tavallud sanasi arafasida o‘tkaziladigan an’anaviy anjumanning jahoniy ahamiyatini yanada oshirish, uni har yili turli hamkor ilmiy muassasalarda o‘tkazish haqidagi g‘oyasi ilmiy jamoatchilik tomonidan olqishlanib, konferans materiallari nufuzli ilmiy bazalarga joylashtirilishi hamda ilk bor bu anjuman Toshkentda emas Bakuda bo‘lib o‘tayotganida hamdir. Qolaversa, ushbu yilda ToshDO‘TAU tomonidan “Alisher Navoiy” medali ta’sis etildi. Bu medal o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini jahonda targ‘ib qilib kelayotgan, ayni yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar, izlanuvchilar, jamoatchilik vakillariga topshiriladi.


Anjumanda Alisher Navoiy adabiy merosining jahon tamaddunida tutgan o‘rni, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, Alisher Navoiy adabiy merosi va matnshunoslik masalalari, ta'lim tizimida Navoiy asarlarini o‘qitish muammolari kabi qator yo‘nalishlarda ma'ruzalar tinglandi.