Yangiliklar

img
Tue, 06/21/2022 - 12:01

Alisher Navoiy millatlararo madaniyat elchisi

Buyuk mutafakkir, sheʼriyat mulkining sultoni Navoiy ijodi bamisoli cheksiz bir ummon. Ushbu ummonga qancha chuqur shoʻngʻisangiz, shuncha koʻp inju terasiz. Shu sababdan Navoiy asarlari  asrlar osha ham oʻz qiymatini, betakrorligini yoʻqotmagan. 2022-yilning 20-21-iyun kunlari Turkiyaning Anqara shahrida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro markaz hamda O‘zbekistondagi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida ilmiy anjuman tashkil etildi.

“Alisher Navoiy asarlari va xalqaro madaniy ta’sir” mavzusidagi mazkur xalqaro ilmiy anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professor-o‘qituvchilari, jumladan, filologiya fanlari doktorlari, professorlar:  Nurboy Jabborov,   Karomat Mullaxo’jayeva, Dilnavoz Yusupova; filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari, dotsentlar: Ozoda Tojiboyeva, Umedullo Mahmudov, Sohiba Umarova o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi turkiy tilli davlatlardan navoiyshunoslik markazlarida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq olim va tadqiqotchilar   qatnashmoqda. Xalqaro adabiy-madaniy aloqalarda Alisher Navoiy asarlarining o‘rni va ahamiyati, uni tahlil va tadqiq qilish mazkur anjumanning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. 


Qadimiy va boy tarixga ega bo‘lgan o‘zbek tilining tarixiy shakllanish va zamonaviy rivojlanish jarayonlari Alisher Navoiy nomi bilan tilga olinishi, shubhasiz. Universitetimiz Hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodini   yanada  chuqurroq tadqiq etish maqsadida xorijlik olimlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Shuni quvonch bilan aytish joizki, Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat oʻzbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli oʻringa ega. Navoiy lirik, epik va falsafiy asarlari bilan XV asr adabiyotida chuqur iz qoldirgan yetuk mutafakkirdir. Ulugʻ shoirning asarlari hayotlik davridayoq Xitoydan tortib Kichik Osiyogacha yetib bordi va hozirda butun dunyo xalqlari ham sevib oʻqimoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Hazrat  Alisher Navoiy millatlararo madaniyat elchisidir!