Yangiliklar

img
Sat, 07/18/2026 - 12:04

Alisher Navoiy haqidagi kitobning xalqaro e’tirofi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovning buyuk bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy adabiy merosi tahliliga bag‘ishlangan monografiyasi Ozarbayjon boshkenti Boku shahridagi “Ilm va tahsil” nashriyotida “Əmir Əlişir Nəvainin irfani dünyası” nomi bilan ozarbayjon tilida nashr etildi.

Ushbu kitobni Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon-O‘zbekiston-Turkmaniston adabiy aloqalari bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, davlatimizning “Do‘stlik” ordeni sovrindori Almaz Ulviy Binnatova hamda Eron Tabriz universiteti professori, filologiya fanlari doktori Husayn Xushbotin ozarbayjon tiliga tarjima qilgan.

Ilmiy maslahatchi: akademik Iso Habibbeyli. Taqrizchi: Yashar Qosim. Muharrir: Sirojiddin Hoji.

Kitob Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ilmiy kengashi qaroriga asosan chop etilgan.

Kitob muqovasi o‘rta asrlar tarixiy obidalari fonida hazrat Alisher Navoiy portreti va nafis mumtoz naqshlar bilan bezatilgan. Ozarbayjonning bosh axborot agentligi AZƏRTAC ushbu kitob nashri haqida alohida maqola e’lon qildi.

Ushbu kitobning nashr etilishi ikki qardosh xalq adabiy aloqalarining navbatdagi amaliy natijasi sifatida qimmatlidir.

ToshDO‘TAU matbuot xizmati