Yangiliklar

img
Fri, 09/22/2023 - 23:11

Alifbo takomillashtiriladi

2023-yil 22-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tilshunos olimlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar, ilmiy jamoatchilik vakillari, viloyatlardan kelgan tilshunos olimlar, yozuvchilar, vazirlik va idoralarning davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuv chog‘ida ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimiz bilan bamaslahat, lotin yozuviga asoslangan alifbosini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur, degan g‘oyani ilgari surgan edi.


Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining olimlari tomonidan shu vaqtgacha to‘plangan tajriba, olimlar, ziyolilar va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, soha mutaxassislarining ilmiy xulosalari, takliflarini har tomonlama hisobga olgan holda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.


Ilmiy-nazariy konferensiyasida  ishlab chiqilgan ushbu takliflar muhokama qilindi.


Anjumanda so‘zga chiqqan Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodir Xolbo‘tayev, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov ushbu konferensiya kun tartibiga bugungi kunga juda dolzab bo‘lib turgan masala kiritilganini, ko‘p vaqtlardan beri alifbomizda ayrim kamchiliklar borligi va ularni bartaraf etish zarurligi haqida jamoatchilik tomonidan ko‘plab fikrlar ilgari surib kelinayotganini ta’kidladilar.


Konferensiya davomida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri Yorqinjon Odilov yangi o‘zbek alifbosi bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi.
Taqdimotdan so‘ng so‘zga chiqqanlar mazkur alifboning ahamiyati, uni takomillashtirish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, ilmiy, huquqiy yo‘nalishlarda amalda oshirilishi talab etiladigan chora-tadbirlar haqida fikr bildirdi.


Muhokamalarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi kamchiliklarni bartaraf etish va alifboni takomillashtirish bo‘yicha fikrlar, takliflar ilgari surildi va muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida bildirilgan barcha fikr-mulohaza va takliflarni hisobga olgan holda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.