Yangiliklar

img
Sat, 10/11/2025 - 12:50

Akademik Shuhrat Sirojiddinov turkiy xalqlarning yirik kongressida ishtirok etdi

2025-yil 10–11-oktabr kunlari Olmaota shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi Turkiy akademiya, Qozogʻiston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi, Qozogʻiston Fanlar akademiyasi hamda Al-Farobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti hamkorligida “Globallashuv davrida tilshunoslik, filologiya va turkologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy kongress boʻlib oʻtdi. Ushbu nufuzli anjuman taniqli olim, akademik Shamgʻaliuli Saribayev tavalludining 100 yilligiga bagʻishlanib, turkiy dunyo ilmiy jamoatchiligi e’tiborini qozondi.
Kongressda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Tarixiy turkiy til taraqqiyoti haqida ba'zi mulohazalar” mavzusida ma’ruza qildi. U oʻz chiqishida buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning turkiy til va madaniyat rivojidagi oʻrni, shuningdek, uning merosining zamonaviy gumanitar fanlar uchun ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritdi. Akademik Shuhrat  Sirojiddinov shunday dedi: "Alisher Navoiy tufayli dunyo xalqlari turkona madaniyat va ma’naviyatga alohida ehtirom ko‘rsata boshlagani tarixiy faktdir. Bugungi davrda Alisher Navoiy asarlarini o‘qish va o‘rganish barcha turkiy xalqlar, ayniqsa, qardosh Markaziy Osiyo xalqlari uchun katta ahamiyatga ega, chunki Navoiy asarlarida buyuk turk madaniyati, adabiyoti mohiyatini, uning yuksak saviyasini targ‘ib qilinadi, shuningdek, tarixiy turkiy tilimiz boyligi ham ko‘rsatilgan". Shu bilan birga, akademik Shuhrat Sirojiddinov akademik Shamgʻaliuli Saribayevning boy ilmiy merosi, xususan, qozogʻ tilshunosligi, dialektologiyasi va turkologiya sohasidagi beqiyos xizmatlarini yuksak e’tirof etdi. U Saribayevning ilmiy ishlari turkiy tillarning oʻzaro yaqinligini ilmiy asosda tadqiq etishda muhim manba boʻlib qolayotganini ta’kidladi.
Kongressda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Turkmaniston va boshqa davlatlardan yetakchi olimlar, tilshunoslar, adabiyotshunoslar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar. Ular turkologiya, dialektologiya, leksikologiya, terminologiya, korpus lingvistikasi, kognitiv va sotsiolingvistika kabi zamonaviy yoʻnalishlarda olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning globallashuv sharoitidagi yangi yondashuvlari haqida fikr almashdilar.

 

Kongress davomida Saribayevning ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan yangi monografiyalar taqdimoti oʻtkazildi, turkiy davlatlar oʻrtasida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida turkologiya yoʻnalishidagi qoʻshma loyihalar, yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash tashabbuslari va ilmiy almashinuv dasturlarini kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. 
Ushbu xalqaro kongress turkiy xalqlar oʻrtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash, tilshunoslik va filologiya sohalarida yangi istiqbollarni ochish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 14-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham Axmet Baytursinuli nomidagi Tilshunoslik instituti, Muxtor Avezov nomidagi  Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti bilan hamkorlikda “Turkiy tillar tadqiqining komparativ va dialektologik aspektlari: o‘tmish, bugun va kelajak” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan edi va anjuman taniqli tilshunos olim Shora Shamg‘aliuli Saribayev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan.