Akademik Shuhrat Sirojiddinov bekobodlik ziyolilar bilan uchrashdi
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida “Hayotimiz fayzi – ustozlar bilan” mavzusida ilmiy-ma’naviy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov ma’ruza qildi.
Rektor o‘z so‘zida mamlakatimizda mustaqillik yillarida kechgan ulkan o‘zgarishlar, yangilanish jarayonlari va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik siyosati haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi:
“Mustaqillikning 34 yilligi — katta sarhisob davri. Biz bugun uch davrni qiyoslab, o‘zgarishlarning hayotimizdagi ta’sirini chuqur his etyapmiz. Xalq bilan muloqot siyosatining yo‘lga qo‘yilgani, inson qadri eng ustuvor qadriyat sifatida ilgari surilayotgani – bu islohotlarning eng katta yutug‘idir. Hurmatli Prezidentimizning bunyodkorlik siyosati tufayli bugungi tahlikali dunyoda mamlakatimizning jadal taraqqiyotini kuzatish va bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanish — har birimiz uchun faxrdir.”
Shuhrat Sirojiddinov, shuningdek, bugungi yoshlar tafakkuri, ularning ma’naviy barkamolligi va milliy o‘zlikni anglash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. U yosh avlodni tarbiyalashda ilm, ma’rifat va ma’naviyat uyg‘unligini ta’minlash, o‘zlikni anglash va mas’uliyat hissini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Tuman hokimi Z. Nizomiddinov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda ta’lim, madaniyat, ma’naviyat va turli sohalar vakillari, yoshlar yetakchilari hamda davlat tashkilotlari xodimlari faol ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida ma’naviyat, tarbiya va jamiyat hayotiga oid dolzarb mavzularda ochiq muloqot va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, yuridik fanlari doktori, professor Halimboy Boboev, psixologiya fanlari doktori, professor, akademik, “Profi” universiteti rektori Gayrat Shoumarov hamda iqtisodiyot fanlari doktori, akademik, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Nurislom Tuxliyevlar ham o‘z ma’ruzalari bilan tadbirda ishtirok etdilar.

Tadbir yakunida faol qatnashgan ishtirokchilarga akademiklarning imzolangan 100 dan ortiq kitoblari sovg‘a qilindi.
Mazkur anjuman ustozlar tajribasi, ilm va ma’naviyatning jamiyat hayotidagi o‘rnini yoritish, yoshlar tafakkurini yuksaltirish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

