Yangiliklar

img
Thu, 03/13/2025 - 16:07

Akademik ma'ruzasi

 2025-yil 12-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov talabalar uchun maxsus ma’rifat darsini o‘tkazdi. Darsda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalardagi yutuqlar, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Darsning ochilish marosimida Rektor Shuhrat Sirojiddinov talabalarga murojaat qilib, ularning bilim va tafakkurini oshirish, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarga to‘g‘ri baho berish va mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shishda ularning rolini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi talabalar yangi, rivojlangan O‘zbekistonni shakllantirishda asosiy kuch hisoblanadi. Biroq, buning uchun ular nafaqat bilim, balki jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning mohiyatini chuqur tushunishlari zarur.
Ma’rifat darsida 2025-yil 3-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi yig‘ilish natijalari yoritildi. Yig‘ilishda agrosanoat tarmoqlarining samaradorligini oshirish, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Xitoy, Italiya va Yaponiya kabi davlatlarning tajribalarini o‘rganish maqsadida 200 nafar yosh mutaxassis Italiyaning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborilishi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradigan 14 ta ilmiy markaz va 55 ta urug‘chilik xo‘jaliklari faoliyati haqida gap ketdi.

  

2025-yil 4-mart kuni Prezident kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha hisobot bilan tanishdi. Bu borada 208 ta tuman va banklar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Natijada, yanvar-fevral oylarida 719 ming kishi daromadli mehnatga jalb etildi. Jizzax, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlari yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyati va boshqa 24 ta tumanda ishlar hali yetarlicha samarali emasligi ta’kidlandi.
2025-yil 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda korrupsiyani bartaraf etish uchun yangi tizim yaratilgani, “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilgani va davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilish tartibi o‘rnatilgani haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, oliy ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlari kuchaytirilmoqda, byurokratik to‘siqlar kamaytirilmoqda.

  

Darsda O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi yutuqlar ham yoritildi. 2025-yil 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayevni qabul qildi. Uchrashuvda SHHT faoliyatini modernizatsiya qilish, tashkilotning barcha tuzilmalari faoliyatini samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-logistika va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
2025-yil 6-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Misr, Italiya, Qirg‘iziston, Belarus, Gruziya va Turkiya elchilari ishonch yorliqlarini topshirdilar. Uchrashuvda O‘zbekistonning ushbu davlatlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash istagi bildirildi.

  

Ma’rifat darsi davomida talabalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlikdagi yutuqlar va kelajakdagi istiqbolli loyihalar haqida to‘liq ma’lumot oldilar. Shuhrat Sirojiddinov talabalarga murojaat qilib, ularning bilim va tafakkurini oshirish, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarga to‘g‘ri baho berish va mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shishda ularning rolini ta’kidladi. Dars nihoyasida talabalar savollariga javoblar berildi va ularning mamlakatimiz rivoji uchun qo‘shgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirildi.