Yangiliklar

img
Sat, 11/15/2025 - 12:52

Akademik Isa Habibeyli universitetimizga tashrif buyurdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining faoliyati ikki xalqni yanada yaqinlashtirib kelmoqda. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi samarali madaniy-adabiy aloqalar esa bu jarayonning yorqin dalilidir. Ertaga Ozarbayjon prezidentining yurtimizga tashrifi ham ana shu jarayonning yangi bosqichidan darak beradi.
14-noyabr 2025-yil kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markaziga Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi prezidenti, akademik Isa Habibeyli tashrif buyurdi. Mehmonni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova va Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Ashurova kutib oldi.
Uchrashuv davomida Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi va universitet o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi, yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Suhbat samimiy ruhda, bir piyola choy atrofida davom etdi.
O‘zaro do‘stlik va ilmiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan qadamlar o‘z natijasini bera boshlagani ta’kidlandi. Xususan, 2026-yilda Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy yubileylariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

 

Suhbat yakunida akademik Isa Habibeyli o‘zining yangi nashr etilgan asarlari va esdalik sovg‘alarini markazga taqdim etdi. Universitet tomonidan mehmonlarga ikki xalq birdamligiga bag‘ishlangan kitob-albom topshirildi. Akademik Isa Habibeyli hurmat bilan kuzatib qo‘yildi.
Mazkur tashrif ikki xalqning ilmiy, adabiy va ma’naviy qadriyatlarini yuksaltirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

 

Ta’kidlash kerakki, 2021-yilda Ozarbayjon Milliy Ilmlar Akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek adabiyoti tadqiqotlari markazi tashkil etildi. 2024-yilda esa Ozarbayjonning Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.