
“Adiblar xotirasi – yoshlar qalbida abadiy”
2025-yil 9-sentyabr kuni universitetimiz Ona tili va adabiyot yoʻnalishi 1-bosqich talabalari o‘z tyutorlari bilan birgalikda Toshkent shahrining eng go‘zal va ma’naviy jihatdan boy maskanlaridan biri — “Adiblar xiyoboni”ga sayohat uyushtirishdi.
Talabalikning ilk haftasidayoq amalga oshirilgan ushbu tashrif yoshlar uchun unutilmas taassurotlar bag‘ishladi. Zero, “Adiblar xiyoboni” nafaqat poytaxtning chiroyli go‘shalaridan biri, balki xalqimiz ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutadigan, ulug‘ siymolarimiz xotirasini abadiylashtiruvchi muqaddas maskandir.
Bu yerda qad rostlagan yodgorliklar, adabiyotimiz fidoyilarining haykallari yosh avlodni doimo ezgulikka, ijodiy izlanishga, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalaydi. Talabalar avvalo Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Cho‘lpon, Zulfiya kabi buyuk ijodkorlarning haykallari yonida bo‘lishib, ularning bebaho merosini yodga oldilar. Bu lahzalar ularga adabiyotning beqiyos qudratini, xalqimiz tarixiy xotirasining naqadar boy ekanini yana bir bor eslatdi.
Sayohat davomida talabalar adiblar ijodidan parchalar ijro etib, she’riyat va nasr dunyosining betakror jozibasini qalblarida his qilishdi. Ulug‘ ijodkorlar yaratgan asarlar orqali ular milliy g‘urur, vatanparvarlik, ezgulik va mehr-oqibat tuyg‘ularini chuqurroq anglash imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir nafaqat bir sayohat, balki talabalikning ilk qadamlaridayoq ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganishga undovchi katta saboq bo‘ldi. Yoshlar bu tashrifdan ruhiy ozuqa olib, adabiyot olamiga bo‘lgan mehrini yanada mustahkamlashdi.
Shubhasiz, bunday tashriflar kelajakda yoshlarning ma’naviy kamolotida, ularning barkamol shaxs bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.