
Abituriyentlarga ToshDO‘TAU rektorining murojaati
Aziz yoshlar!
Siz hayotingizning yana bir muhim kuni - oliy ta'lim muassalariga kirish imtihoni oldida turibsiz. Sizning tanlovingiz ko‘p jihatdan kelajagingizga qo‘yadigan poydevoringiz bo‘ladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani singari, Oliy ta'lim sohasida ham qator ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar sodir bo‘lmoqda. Ayniqsa, OTMlarga kirish imtihonlarini korrupsion sxemalardan butkul tozalash vazifasi bajarildi. Endi orangizdan eng bilimli, eng iqtidorli yoshlar shaffof sinovlar orqali saralanmoqda. Avvalgidek bitta OTMga hujjat topshirmaysiz, bir vaqtda bir nechta bilim dargohlarini tanlash imkoniyatingiz bor. Ayniqsa, bilimga chanqoq qizlarimizga yaratilayotgan sharoitlar bizni quvontiradi. Barchangiz yillar davomida ustozlaringizdan olgan bilimlaringizni sinovdan o‘tkazasiz, ota-onangiz va yaqinlaringiz bildirgan ishonchni oqlaysiz. Biz Yangi O‘zbekiston kelajagini aynan siz kabi yoshlarning ko‘zlarida ko‘ramiz. Siz tanlagan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda ham e'tirofga sazovor bo‘layotgan, talabalarga sifatli ta'lim berayotgan universitetdir. Biz tabalarimizni ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol, ma'naviyati va dunyoqarashi bilan barchaga o‘rnak bo‘la oladigan, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi etib tarbiyalashga bor diqqatimizni qaratganmiz.
Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalarimiz safiga qabul qilinganingizda bularning barchasiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Barchangizga katta sinov oldidan omad va zafarlar yor bo‘lishini tilayman! O‘zingizga va bilimingizga ishoning, sizni talabalarimiz safida ko‘rishni istaymiz!
Shuhrat Sirojiddinov
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori,
filologiya fanlari doktori, professor