Yangiliklar

img
Mon, 10/13/2025 - 17:24

4-kurs talabalari pedagogik amaliyoti jarayoni o‘rganildi

2025-yil 13-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Shokir Xalilov hamda bo‘lim xodimlari tomonidan Shayxontohur tumanidagi 59-sonli va Olmazor tumanidagi 24-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablariga tashrif buyurildi. Tashrif davomida universitetning 4-kurs talabalari o‘tayotgan pedagogik amaliyot jarayoni atroflicha o‘rganildi.

Mazkur kuzatuv davomida talabalarning dars mashg‘ulotlarini olib borish mahorati, metodik ishlanmalari, o‘quvchilarga individual yondashuv darajasi, sinfdagi muhitni boshqarish ko‘nikmalari hamda maktab jamoasi bilan o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati tahlil qilindi. Shuningdek, o‘qituvchi sifatida talabalarning nutq madaniyati, o‘z fikrini aniq bayon etish, darsda zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interaktiv usullardan foydalanish ko‘nikmalari ham e’tiborga olindi.

Pedagogik amaliyot talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, o‘qituvchilik kasbining mohiyatini chuqur anglash, shuningdek, ta’lim jarayonida o‘zining shaxsiy mas’uliyati va tashabbusini namoyon etish imkonini beradi. Shu bois, tashrif davomida amaliyot samaradorligini oshirish, dars sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

 

Universitet rahbariyati tomonidan bunday monitoringlar muntazam tashkil etilib, ularning maqsadi — talabalarning kasbiy tayyorgarligini baholash, o‘qituvchilik faoliyatiga bo‘lgan mas’uliyat va qiziqishini yanada kuchaytirishdan iboratdir.
Pedagogik amaliyot davomida talabalarning o‘z faniga bo‘lgan mehrini, bolalarga nisbatan e’tiborini va jamoada ishlash madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday kuzatuvlar orqali ularning kasbiy mahorati, dars o‘tish uslubi va ta’lim jarayoniga ijodiy yondashuv darajasi yanada mustahkamlanadi.

 

Mazkur jarayon universitet va maktablar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, yosh kadrlarning sifatli tayyorlanishiga xizmat qiluvchi samarali bosqichlardan biri bo‘lib hisoblanadi.