2025-yil yakunlari
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETINING 2025-YIL YAKUNLARI
2025-yil Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatida ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeyini mustahkamlash, talabalar uchun munosib ta’lim va tarbiya muhitini yaratish borasida muhim natijalarga erishilgan davr bo‘ldi.
Hisobot yilida universitet faoliyatining barcha ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xalqaro hamkorlik va akademik mobillik, ilmiy-tadqiqot faoliyati, ilmiy kadrlar tayyorlash, xalqaro reytinglardagi ishtirok, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Quyida universitetning 2025-yil davomida erishgan asosiy natijalari va faoliyat ko‘rsatkichlari bilan tanishishingiz mumkin.
Xalqaro hamkorlik va akademik mobillik
Universitetning xalqaro aloqalarini rivojlantirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun xalqaro akademik imkoniyatlarni kengaytirish 2025-yilda faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Hisobot davrida xorijiy talabalarni universitetga jalb etish, xalqaro ta’lim dasturlarini rivojlantirish, xorijiy professor-o‘qituvchilar ishtirokida ta’lim va ilmiy jarayonlarni tashkil etish, shuningdek, universitet vakillarining xalqaro akademik almashinuv dasturlaridagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra:
- 110 nafar xorijiy talaba universitetda tahsil oldi;
- 83 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi va soha mutaxassisi ta’lim hamda ilmiy jarayonlarga jalb qilindi;
- 23 nafar talaba akademik mobillik dasturlari asosida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oldi;
- professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida 184 ta xizmat safari amalga oshirildi.
Xorijiy talabalarni jalb etish ko‘rsatkichlarida ijobiy dinamika kuzatildi. Jumladan, universitetda tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 2023-yilda 46 nafarni, 2024-yilda 54 nafarni, 2025-yilda esa 110 nafarni tashkil etdi. Uch yil davomida ushbu ko‘rsatkich ikki baravardan ortiq oshdi.
Xorijiy professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish borasida ham barqaror o‘sish qayd etildi. Ularning soni 2023-yilda 72 nafar, 2024-yilda 76 nafar va 2025-yilda 83 nafarni tashkil etdi.
Akademik mobillik dasturlarida ishtirok etgan talabalar soni 2023-yildagi 12 nafardan 2024-yilda 16 nafarga, 2025-yilda esa 23 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich universitet talabalarining xalqaro ta’lim muhitiga integratsiyalashuvi va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tajriba orttirish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Xizmat safarlari ko‘rsatkichi ham yildan yilga oshib, 2023-yilda 112 ta, 2024-yilda 124 ta va 2025-yilda 184 tani tashkil etdi.

Xalqaro reytinglardagi natijalar va Barqaror rivojlanish maqsadlari
2025-yilda universitetning xalqaro reytinglardagi ishtirokini kengaytirish, ta’lim sifati, ilmiy faoliyat, gender tengligi, institutsional rivojlanish va ekologik barqarorlik yo‘nalishlaridagi natijalarni yaxshilash borasida muhim yutuqlarga erishildi.
Times Higher Education Impact Rankings xalqaro reytingida universitetning umumiy ko‘rsatkichi 2023-yildagi 600+ guruhidan 2024-yilda 300+ guruhiga, 2025-yilda esa 201+ guruhiga ko‘tarildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) kesimida universitet quyidagi natijalarni qayd etdi:
- BRM 1 – Kambag‘allikka barham berish: 101–200-o‘rinlar oralig‘i;
- BRM 4 – Sifatli ta’lim: 23-o‘rin;
- BRM 5 – Gender tengligi: 20-o‘rin;
- BRM 16 – Tinchlik, adolat va samarali institutlar: 201–300-o‘rinlar oralig‘i;
- BRM 17 – Maqsadlar yo‘lida hamkorlik: 401–600-o‘rinlar oralig‘i.
Ayniqsa, sifatli ta’lim yo‘nalishidagi 23-o‘rin universitetning ta’lim jarayonini takomillashtirish, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish borasidagi faoliyati xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini namoyon etadi.
Gender tengligi yo‘nalishida 20-o‘rin qayd etilgani esa universitetda xotin-qizlarning ta’lim olishi, ilmiy va akademik faoliyatda ishtirok etishi hamda teng imkoniyatlarni ta’minlash borasidagi ishlarning muhim natijalaridan biridir.
Shuningdek, universitet UI GreenMetric World University Rankings xalqaro reytingida 2025-yil yakunlariga ko‘ra 335-o‘rinni egalladi. Mazkur ko‘rsatkich 2023-yildagi 376-o‘rin va 2024-yildagi 347-o‘rin bilan taqqoslaganda universitetning ekologik barqarorlik va yashil universitet tamoyillarini rivojlantirish borasidagi natijalari izchil yaxshilanib borayotganini ko‘rsatadi.
QS World University Rankings xalqaro reytingida ham universitetning natijasi 301+ guruhida qayd etildi. Reyting doirasida akademik reputatsiya ko‘rsatkichi 63,2, ish beruvchilar orasidagi reputatsiya ko‘rsatkichi esa 57,9 ballni tashkil etdi.
Umuman, 2025-yilgi xalqaro reyting natijalari universitetning ta’lim, ilmiy faoliyat, gender tengligi, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlaridagi institutsional rivojlanishini aks ettiradi.
Ilmiy salohiyat va ilmiy-tadqiqot faoliyati
2025-yilda universitetning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini kuchaytirish, xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi nashrlar sonini ko‘paytirish va ilmiy infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Universitetda ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar soni 2023-yildagi 102 nafardan 2024-yilda 117 nafarga, 2025-yilda esa 136 nafarga yetdi. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 2023–2024-o‘quv yilidagi 51,5 foizdan 2024–2025-o‘quv yilida 53,18 foizga, 2025–2026-o‘quv yilida esa 62,27 foizga ko‘tarildi.
Ilmiy darajalar tarkibida 2025–2026-o‘quv yili ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 40 nafar fan doktori (DSc) va 97 nafar falsafa doktori (PhD) faoliyati qayd etilgan.
Ilmiy kengashlar faoliyatini rivojlantirish va ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Xususan, ilmiy kengashlar tarkibidagi ixtisosliklar soni 2023-yildagi 7 tadan 2024-yilda 8 taga, 2025-yilda esa 10 taga yetdi.
Doktorantura va mustaqil izlanuvchilik tizimida ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar tarkibi ham kengaydi. 2025-yil ko‘rsatkichlariga ko‘ra, doktoranturada 17 nafar, tayanch doktoranturada 336 nafar, mustaqil izlanuvchilikda 89 nafar hamda stajyor-tadqiqotchilik yo‘nalishida 12 nafar tadqiqotchi faoliyat olib bordi.
Ilmiy nashrlar samaradorligini oshirish universitet ilmiy faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. 2023–2024, 2024–2025 va 2025–2026-o‘quv yillari kesimidagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- Web of Science va Scopus xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi nashrlar: 36 ta, 43 ta va 101 ta;
- OAK ro‘yxatidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar: 188 ta, 206 ta va 217 ta;
- xalqaro va respublika ilmiy konferensiyalari materiallarida chop etilgan ishlar: 292 ta, 327 ta va 513 ta;
- monografiyalar: 5 ta, 9 ta va 44 ta.
Ayniqsa, xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslanuvchi nashrlar sonining 36 tadan 101 taga, monografiyalar sonining esa 5 tadan 44 taga yetgani ilmiy faoliyat ko‘lamining kengayganini ko‘rsatadi.
Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy iqtiboslik ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasida ham ijobiy natijalar kuzatildi. Xirsh indeksi (h-index) 2023–2024-o‘quv yilida 18, 2024–2025-o‘quv yilida 20, 2025–2026-o‘quv yilida esa 32 ko‘rsatkichiga yetdi.
Ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish doirasida ilmiy laboratoriyalar soni 2024–2025-o‘quv yilidagi 1 tadan 2025–2026-o‘quv yilida 3 taga yetkazildi.
Ilmiy loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish qayd etildi. 2023-yilda 6 ta loyiha doirasida 6,4 milliard so‘mlik, 2024-yilda 2 ta loyiha doirasida 1,9 milliard so‘mlik, 2025-yilda esa 11 ta loyiha doirasida 10,3 milliard so‘mlik ilmiy loyiha ko‘rsatkichlari qayd etildi.
Xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish doirasida 9 ta xalqaro loyiha amalga oshirilib, ularning umumiy moliyaviy hajmi 1,212 milliard so‘mni tashkil etdi.
Innovatsion faoliyatni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida startap loyihalar ham qo‘llab-quvvatlandi. 2024–2025 va 2025–2026-o‘quv yillarida startap loyihalar soni 7 tadan bo‘ldi.
Universitetning buyurtmachilar bilan ilmiy va amaliy hamkorligini kengaytirish, xo‘jalik shartnomalari asosida tadqiqotlar olib borish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish borasida ham natijalar qayd etildi. Xo‘jalik shartnomalari soni 2023-yilda 19 ta, 2024-yilda 40 ta va 2025-yilda 71 tani tashkil etdi. Ular doirasida mos ravishda 17,5 million, 20 million va 112,3 million so‘mlik mablag‘ jalb qilindi. Uch yillik davr bo‘yicha jami mablag‘ 149,8 million so‘mni tashkil etdi.

Ma’naviy-ma’rifiy faoliyat va talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
2025-yilda universitetda talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy faolligini oshirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish, turar joy bilan ta’minlanganlik holatini monitoring qilish va ularning ijtimoiy ehtiyojlarini aniqlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yildi.
2025-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra:
- 546 nafar talaba talabalar turar joyida;
- 2 423 nafar talaba ijara xonadonlarida;
- 949 nafar talaba o‘z uyida yoki yaqin qarindoshlarining xonadonida istiqomat qildi.
Talabalar bilan individual ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va ta’lim-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirishda 24 nafar tyutor, 1 nafar psixolog, 1 nafar tarbiyachi-pedagog, 1 nafar profilaktika inspektori hamda 2 nafar hamshira faoliyat olib bordi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish doirasida bir necha ustuvor yo‘nalishlarda tadbirlar tashkil etildi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi. Odob-axloq va ichki tartib-qoidalar, madaniy, ijtimoiy, siyosiy va huquqiy tushunchalarni kengaytirish, relaksatsion va psixologik treninglar tashkil etish yo‘nalishida 125 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 3 700 nafardan ortiq talaba qamrab olindi.
Vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor. Tarixiy maskanlarga sayohatlar uyushtirish, milliylikni aks ettiruvchi bayramlar, tanlov va musobaqalar hamda turli loyihalarni amalga oshirish orqali talabalarda milliy qadriyatlarga hurmat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan 69 ta tadbir tashkil etildi. Ularda 2 800 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish. Korrupsiya, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish hamda profilaktik ishlarni kuchaytirish maqsadida 74 ta tadbir o‘tkazilib, 3 600 nafardan ortiq talaba qamrab olindi.
Hamkorlik va ma’naviy integratsiya. Universitetning mahalla, ta’lim muassasalari va ijtimoiy tashkilotlar bilan hamkorligini mustahkamlash doirasida biriktirilgan 6 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 1 ta mehribonlik uyi hamda 7 ta maktab o‘quvchilari bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishda 88 ta tadbir o‘tkazilib, 820 nafardan ortiq talaba jalb qilindi.
Ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash. Nogironligi bo‘lgan, chin yetim va ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ijara uyida yashovchi iqtidorli talabalarni moddiy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Hisobot davrida 45 nafar talaba-yosh hamda 22 nafar professor-o‘qituvchi va ishchi-xodim moddiy rag‘batlantirildi.
Besh muhim tashabbus doirasidagi ishlar. Qizlar, zakovat, kitobxonlik, musiqa, san’at, teatr, IT va sport yo‘nalishlaridagi to‘garaklar hamda klublar faoliyati rivojlantirildi. Ushbu yo‘nalishlarda 121 ta tadbir tashkil etilib, 2 800 nafardan ortiq talaba qamrab olindi.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlar talabalarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etish hamda universitetda sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.
2025-yil sarhisobi
2025-yil davomida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatining xalqaro, ilmiy, ta’limiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarida muhim natijalarga erishildi.
Xalqaro faoliyatda xorijiy talabalar sonining 110 nafarga, xorijiy professor-o‘qituvchilar sonining 83 nafarga yetishi, akademik mobillik ko‘rsatkichlarining o‘sishi universitetning xalqaro hamkorlik imkoniyatlari kengayib borayotganini namoyon etdi.
Xalqaro reytinglarda, xususan, Times Higher Education Impact Rankings natijalarida umumiy ko‘rsatkichning 201+ guruhiga ko‘tarilishi, sifatli ta’lim yo‘nalishida 23-o‘rin va gender tengligi yo‘nalishida 20-o‘rin qayd etilishi universitetning xalqaro akademik maydondagi mavqeyini mustahkamlash yo‘lidagi muhim natijalar bo‘ldi.
Ilmiy faoliyatda ilmiy salohiyat ko‘rsatkichining 62,27 foizga yetishi, Web of Science va Scopus bazalaridagi nashrlar sonining 101 tani tashkil etishi, 11 ta ilmiy loyiha doirasida 10,3 milliard so‘mlik ko‘rsatkich qayd etilishi, shuningdek, xalqaro loyihalar va ilmiy infratuzilmaning rivojlanishi universitet ilmiy salohiyatining mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda esa talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularni ijtimoiy himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Umuman, 2025-yil yakunlari universitetning ta’lim, ilm-fan, xalqaro hamkorlik va talabalar bilan ishlash tizimida izchil rivojlanish jarayoni davom etganini ko‘rsatadi. Erishilgan natijalar universitetning strategik maqsadlarini amalga oshirish, xalqaro akademik maydondagi nufuzini yanada oshirish va zamonaviy ilmiy-ma’rifiy markaz sifatidagi salohiyatini mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

