Yangiliklar

img
Fri, 07/22/2022 - 16:20

2022/2023-o‘quv yili magistratura qabuli jarayonida hujjat topshirish bilan bog‘liq ko‘p so‘raladigan savollar

Savol: Magistraturaga hujjat topshirishda qanday shakldagi diplomni yuklash mumkin?
Javob: magistraturaga hujjat topshirishda faqat rektor tomonidan imzo bilan tasdiqlangan va universitet yoki institutning gerbli muhri qo‘yilgan diplomni magistr.edu.uz tizimiga yuklash lozim.
Savol: Men OTMni 2022-yilda tugatdim, magistraturaga hujjat topshirishda HEMIS dasturidan QR kodli diplomni yuklasam bo‘ladimi?
Javob: So‘ngi 2 yilda OTMni tugatgan bitiruvchilarga HEMIS dasturi orqali QR kodli diplomni yuklab olish imkoniyati yaratilgan. Ammo QR kodli diplom to‘g‘ridan to‘g‘ri magistr.edu.uz tizimiga yuklansa rad etilishi mumkin, chunki u hali rasmiy tasdiqlanmagan hisoblanadi. Faqat maxsus qog‘ozda chiqarilgan, rektor imzosi bilan tasdiqlangan va OTMning gerbli muhri qo‘yilgan diplomni ko‘rinadigan va sifatli qilib yuklash zarur. Ammo hozirgi kunda maxsus blankaga chiqarilgan diplomlarni chiqarish muddati cho‘zilib ketayotganligi uchun istisno tariqasida QR kodli diplomni yuklasangiz bo‘ladi (bu faqat istisno tariqasida 2022/2023-o‘quv yili qabuli jarayonida talabgorlarga yengillik yaratish maqsadida ruxsat etildi).
Savol: magistr.edu.uz tizimiga yuklangan hujjatlar qaysi holatlarda rad etilishi mumkin?
Javob: magistr.edu.uz tizimiga yuklangan hujjatlar quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:
1. Rektor imzosi bilan tasdiqlanmagan va OTMning gerbli muhri bosilmagan diplomlar (bu holat 2022-yilda bakalavrni tugatganlarga tegishli emas. Ma’lumot uchun yuqoridagi savolning javobiga qarang).
2. Ma’lumotlarni o‘rganish, baho yoki ballarni o‘rtacha qiymatini hisoblash uchun ko‘rinmas, xira, o‘qib bo‘lmas darajadagi hujjatlar.
3. To‘liq holatda yuklanmagan hujjatlar, ya’ni diplom yoki uning ilovasini faqat 1 yoki 2 beti yuklanib qolganlari yuklanmagan holatda.
4. Hujjatlarni tekshirish jarayonida diplom yoki uning ilovasi qalbakiligi aniqlangan holatda.
5. Imtiyozga egalikni belgilovchi hujjatlar (xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi serifikatlar, davlat yoki nomdor stipendiyalar g‘oliblari diplom yoki sertifikatlari, “Zulfiya”, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotlari diplomlari, nogironligini - ko‘zi ojizlar uchun - tasdiqlovchi hujjatlar) yuklanmagan holatda.
6. Tanlangan mutaxassislik mos (muvofiq) bo‘lmagan holatda (OO‘MTV tomonidan tasdiqlangan 2022/2023-o‘quv yili qabuli jarayonida magistraturaga topshirish uchun turdosh yo‘nalishlarga qarang https://t.me/eduuz/9689).
7. Xorijiy til bilish sertifikati filologik yo‘nalishlar uchun C1 darajadan past bo‘lgan holatda (magistraturaga hujjat topshirishda ruxsat etilgan xorijiy til bilish sertifikatlari uchun qarang https://t.me/eduuz/9503).
8. Xorijiy til bilish sertifikati nofilologik yo‘nalishlar uchun B2 darajadan past bo‘lgan holatda (magistraturaga hujjat topshirishda ruxsat etilgan xorijiy til bilish sertifikatlari uchun qarang https://t.me/eduuz/9503).
9. Tekshirish jarayonida xorijiy til bilish sertifikatining haqiqiyligi tasdiqlanmagan holatda.
Savol: Men 1-guruh ko‘zi ojiz nogironman. Menda bakalavrni tugatganligimni tasdiqlovchi diplomim bor, xorijiy til bilish sertifikatim yo‘q, magistraturaga hujjat topshira olamanmi?
Javob: Bu savolga javob berishni 2 qismga bo‘lamiz: 1) avvalo, nogiron, ya’ni ko‘zi ojizlar toifasiga quyidagi shaxslar kiradi:
-  maxsus maktab-internatlar tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yetuklik attestatiga ega shaxslar; 
-  imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomga ega shaxslar;
-  9 yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida o‘qigan va 3 yillik o‘rta maxsus, kasb hunar ta’lim muassasasi diplomiga ega bo‘lgan shaxslar;
-  umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) hujjati yoki akademik lisey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan ko‘zi bo‘yicha 1-guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomasi (guvohnomasi)ga ega bo‘lgan shaxslar.

2) Ko‘ji ojiz talabgorlar magistr.edu.uz tizimida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng 1. Bakalavr diplomi ilovasini; 2. Ko‘zi ojizligini tasdiqlovchi guvohnomasini yuklaydi.

Savol: Men O‘zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti ta’lim yo‘nalishi bakalavrni imtiyozli diplom (barcha fanlar va YDA bo‘yicha 5 baho olganman) bilan tugatdim, mening xorijiy til bilish darajam, ya’ni sertifikatim B2. Magistraturaning Sinxron tarjima (ingliz tili), Ilmiy-texnik tarjima (ingliz tili), Badiiy tarjima (ingliz tili), Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (ingliz tili) mutaxassisliklariga yoki boshqa OTMlarning turdosh yo‘nalishlariga hujjat topshira olamanmi?
Javob: Yo‘q. Ya’ni til bilish sertifikatsiz yoki sizning holatingiz bo‘yicha xorijiy tilni bilish daraja B2 bilan topshira olmaysiz. Lekin sizda imkoniyat bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-sonli qarorining b bandi 2-xatboshiga binoan yanvar oyidagi qabulda qayta ishtirok etishingiz mumkin. Buning uchun siz yanvar oyiga qadar xorijiy til bilish bo‘yicha C1 darajadagi sertifikatni olishingiz kerak bo‘ladi.