Xorijdagi o‘zbek tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi
“Vatandoshlar” jamoat fondi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari hamda mahorat darslari tashkil etildi. Dastur 2026-yil 10–17-iyul kunlari davomida o‘tkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri xorijda o‘zbek tili va adabiyotini targ‘ib qilish, xorijiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda o‘zbek tilining xalqaro nufuzini yuksaltirishdan iborat. Shu maqsadda universitet tomonidan “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda xorijdagi o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslari muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. An’anaga aylangan mazkur loyiha xorijdagi vatandoshlar bilan ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasini takomillashtirish hamda milliy madaniyatimizni keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Malaka oshirish kurslarining asosiy maqsadi ishtirokchilarni o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligining zamonaviy yutuqlari bilan tanishtirish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, tajriba almashish uchun samarali muloqot maydonini yaratishdan iborat bo‘ldi.
Dastur doirasida universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari va olimlari tomonidan qator ma’ruza hamda mahorat darslari tashkil etildi. Xususan, professor Nurboy Jabborov “Alisher Navoiy – turkiy adabiyotning buyuk namoyandasi” hamda “O‘zbek jadid adabiyotida Sharq va G‘arb madaniyati talqini” mavzularida mashg‘ulotlar olib bordi.

Professor Dilafro‘z Xidoyatova tomonidan “O‘zbek tilini o‘qitishda kommunikativ va psixodidaktik yondashuvlar: zamonaviy darsni loyihalash texnologiyasi” mavzusida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ishtirokchilarga xorijiy auditoriyada o‘zbek tilini samarali o‘qitishning zamonaviy usullari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Adabiyot yo‘nalishidagi mahorat darslarida professor Dilnavoz Yusupova Alisher Navoiy ijodini o‘qitishda zamonaviy metod va usullardan foydalanish, shuningdek, maktablarda mumtoz lirik janrlarni o‘qitish tajribalariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar olib bordi. Professor O‘tkir Yo‘ldashev esa xamsanavislik an’anasi, Alisher Navoiyning “Xamsa”si hamda “Lison ut-tayr” dostoni bo‘yicha ma’ruzalar qildi.
Kurs davomida professor Bahodir Karim tomonidan o‘zbek adabiyotshunosligida metodlar masalasi yoritildi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Ma’suma Obidjonova esa “Istiqlol davri o‘zbek she’riyatining taraqqiyot tamoyillari” hamda “Zamonaviy o‘zbek hikoyachiligi jahon hikoyachiligi kontekstida” mavzularida mahorat darslari o‘tkazdi.

Tilshunoslik yo‘nalishidagi mashg‘ulotlarda Muhayyo Hakimova tomonidan “O‘zbek tili fonetikasi” mavzusini o‘qitishning nazariy asoslari hamda o‘zbek tilida leksik-semantik munosabatlar tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzalar tashkil etildi.
Ta’lim dasturi doirasida ishtirokchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham uyushtirildi. Mehmonlar Samarqand shahrining tarixiy obidalari, jumladan, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohizinda majmuasi, Bibixonim maqbarasi hamda Registon ansambli bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi va “Jadidlar Turkistonga maktublar” ko‘rgazmasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi haqida keng tasavvurga ega bo‘ldilar.
Kurs yakunida ishtirokchilarga malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlaganliklarini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
Mazkur loyiha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek tilini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijdagi o‘zbek tili o‘qituvchilarini ilmiy-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda dunyo bo‘ylab o‘zbek tilining ta’lim va ilm-fan tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash borasidagi tizimli faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

