Universitetimiz magistranti yuksak e’tirofga sazovor boʻldi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti, yosh yozuvchi Qobiljon Shermatovning “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” nomli kitobi Xalqaro bolalar adabiyoti kengashi (IBBY)ning 2026-yil uchun faxriy ro‘yxati — Honour Listiga kiritildi.
Toshkent shahrida e’lon qilingan ushbu qaror nafaqat muallif ijodiga berilgan yuksak baho, balki O‘zbekiston bolalar adabiyotining xalqaro miqyosda tan olinayotganidan dalolat beradi.
IBBY Honour List — dunyo bo‘ylab bolalar va o‘smirlar adabiyotining eng sara namunalarini jamlovchi nufuzli ro‘yxat bo‘lib, unda har ikki yilda bir marotaba taxminan 70 ta eng yaxshi asar xalqaro mutaxassislar tomonidan saralab olinadi. Qobiljon Shermatovning asari ana shu ro‘yxatga kiritilgani Markaziy Osiyo bolalar adabiyoti tarixida ilk bor badiiy asarning IBBY faxriy ro‘yxatiga kiritilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” asari zamonaviy o‘zbek bolalar adabiyotida fantaziya, yumor va hayotiy kuzatuvlarni uyg‘unlashtirgan, bolaning ichki olami va tasavvur kuchini nozik badiiy ifoda etgan asar sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur yutuq Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda olib borilayotgan ijodiy va ilmiy muhit, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning asarlarini targ‘ib qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning amaliy samarasidir.

Asarning IBBY Honour Listga kiritilishi kelgusida kitobning xalqaro ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar, adabiy tahlillar va turli konferensiyalarda namoyish etilishi, o‘zbek bolalar adabiyoti namunasining turli mamlakatlarda kengroq tanilishi uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu esa yosh o‘quvchilar ongida o‘zbek adabiyoti, madaniyati va qadriyatlariga qiziqishni kuchaytirishi kutilmoqda.

