Yangiliklar

img
Sat, 01/10/2026 - 12:48

ToshDOʻTAU vakillari Malayziyada malaka oshirmoqda

2026-yilning 6–23 - yanvar kunlari Malayziya davlatining Sulton Idris nomidagi pedagogika universitetida tashkil etilgan “O‘qituvchilar uchun xalqaro professional malaka oshirish kursi”da Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari — Marg‘uba Abdullayeva, Saodat Qambarova, Matluba Jabborova va Dilafruz Nazarova ishtirok etmoqda.

Mazkur o‘quv seminari ta’lim jarayonida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni samarali qo‘llash, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan. Dastlab ishtirokchilar mezbon oliy ta’lim muassasasining ta’lim tizimi va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Ta’kidlash joizki, Sulton Idris nomidagi pedagogika universiteti pedagog kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, xalqaro reytinglarda munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, universitet QS va Times Higher Education kabi nufuzli reyting tizimlarida jahonning yetakchi universitetlari qatorida qayd etilgan, pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha esa xalqaro miqyosda yuqori baholanadi. Bu holat mazkur malaka oshirish kursining ilmiy-amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.

Kurs doirasida Mentimeter, Kahoot va Padlet kabi raqamli va multimedia platformalaridan o‘quv jarayonida foydalanish bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Ushbu vositalar darslarning interaktivligini oshirish, talabalar faolligini kuchaytirish hamda ta’lim sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Xalqaro malaka oshirish kurslari 23-yanvargacha davom etadi.