Tarjimashunoslik xalqaro nazariy-metodologik seminari ish boshladi
2025-yil 4-dekabr kuni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Tarjimashunoslik” xalqaro nazariy-metodologik seminari bo'lib o'tdi. Seminardagi muhokamalar tarjima nazariyasi va amaliyotining bugungi holatini chuqur tahlil qilishga xizmat qildi. Tadbirda olimlar, tadqiqotchilar, magistrantlar va bakalavriat talabalari faol ishtirok etdi. ToshDO'TAU Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Mahmadiyor Asadov seminar ochilishida so‘zga chiqib, tarjimashunoslikning zamonaviy ilmiy jarayonlardagi ahamiyati, ilmiy maktablararo hamkorlik zarurati hamda yosh tadqiqotchilarning nazariy-metodologik bilimini mustahkamlashdagi bu kabi seminarlarga bo‘lgan ehtiyoj haqida ta’kidladi. Uning fikricha, tarjima sohasida olib borilayotgan izlanishlar nafaqat lingvistik jarayonlarni, balki madaniyatlararo kommunikatsiya rivojini ham belgilab berishi bilan muhimdir.
Seminar davomida filologiya fanlari nomzodi, tarjimashunos olim Zuhriddin Isomiddinov turkiy tarjimashunoslik muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzasi orqali ilmiy terminologiya, metodik yondashuvlar va matnlararo aloqalarning o‘rganilishi borasida dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqdi. Shoir va tarjimon Shermurod Subhon turkiy adabiy asarlar tarjimalarining o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab, badiiy matnning ruhiy ohangi, obrazlar tizimi va milliy madaniyat qatlamlarini boshqa tilga ko‘chirish jarayonidagi murakkabliklarni yoritdi. Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos, jurnalist va tarjimon Rustam Jabborov badiiy tarjima jarayonining raqamli texnologiyalar davridagi o‘zgarishlari, sun’iy idrok vositalarining imkoniyatlari va ulardan foydalanishda ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurati haqida ilmiy asoslangan fikrlar bildirdi.

Seminar davomida tinglovchilar tomonidan ko‘plab savollar berildi, ilmiy bahs-munozaralar olib borildi, tarjima metodologiyasini takomillashtirish, o‘quv jarayoniga yangi yondashuvlarni tatbiq etish, turkiy tillararo tarjima maktablarini rivojlantirish kabi takliflar ilgari surildi. Tadbir tarjimashunoslik sohasida nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy qobiliyatini rag‘batlantirish va soha bo‘yicha yangi ilmiy g‘oyalarni yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, seminar respublika va xalqaro miqyosdagi tarjima maktablari o‘rtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlash, turkiy tarjima merosini chuqurroq o‘rganish hamda kelgusida qo‘shma loyihalar va ilmiy tadqiqotlar uchun asos yaratdi.


