Talabalar yashash sharoiti o‘rganildi
Universitetning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva dastlab ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalar holidan xabar olib, ularning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida talabalarning kundalik hayoti, maishiy ehtiyojlari va mavjud muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
Ijara xonadonlarini ko‘zdan kechirish jarayonida xonalarning sanitariya holati, yashash uchun zarur qulayliklar hamda talabalarning xavfsizligini ta’minlash masalalari o‘rganildi. Shuningdek, xonadonlarda dars tayyorlash va dam olish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, talabalarning munosib yashash muhitiga ega bo‘lishi muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning ijara bilan bog‘liq muammolari, kundalik hayotda uchrayotgan qiyinchiliklari va takliflari tinglandi. Talabalarning murojaatlariga e’tibor qaratilib, mavjud masalalarni imkon qadar o‘z vaqtida hal etish, ularning ijtimoiy holatini doimiy nazorat qilib borish yuzasidan fikr almashildi.

Shundan so‘ng Gulnoza Jo‘rayeva talabalar turar joyiga tashrif buyurib, u yerdagi yashash sharoitlarini ham ko‘zdan kechirdi. Xonalarning holati, tozalik, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi va ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar o‘rganildi. Talabalar bilan suhbat davomida ularning fikr-mulohazalari tinglanib, turar joydagi sharoitlarni yanada yaxshilashga doir masalalarga e’tibor qaratildi.

Talabalar turar joylari va ijara xonadonlaridagi sharoitlarni muntazam o‘rganish yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini joyida aniqlash hamda ta’lim olishi va yashashi uchun qulay muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega. Universitetda talabalar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning murojaatlarini o‘rganish va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.

